«USM Telecom» va MegaFon o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda yangi qo‘shma korxona — Digital Holding’ni tashkil etishdi. Bu haqda Ucell kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, yangi korxona tarkibidan Ucell kompaniyasi hamda USM’ning O‘zbekistondagi aktivlari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan o‘rin oldi.

O‘zbekiston xukumati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) orqali korxonaga Ucell telekom-operatorining 100% ulushini topshirmoqda. Rossiya tomoni Digital Holding rivojlanishi uchun 100 mln dollar miqdorida investitsiya, shu bilan birga USM’ning sho‘’ba korxonalari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan’ni kiritmoqda.

Yangi korxonada MegaFon va USM Telecom teng ulush bilan tashkil etgan «Digital Invest» kompaniyasining ulushi 51%, DABA ulushi 49%ga teng.

«O‘zbekistonning raqamli xizmatlar bozorida yetakchi ishtirokchini yaratish ham MegaFon, ham MDH va Sharqiy Yevropa hududi texnologik liderni barpo etayotgan «YueSeM Telekom» strategiyalariga mos keladi. Ishonchimiz komilki, MegaFon, Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi va «IKS Xolding»ning raqamli loyihalarni amalga oshirishdagi ko‘p yillik ekspertizasi O‘zbekistondagi sohaning eng yirik ishtirokchisini rivojlantirishga ko‘maklashadi», — dedi «USM Telecom» bosh direktori Ivan Streshinskiy.

«Raqamli xizmatlar iste’moli nuqtai nazaridan O‘zbekiston MDHning eng salohiyatli bozorlaridan, u so‘nggi 10 yil ichida mobil aloqa abonentlarining uch baravardan ko‘p o‘sishini namoyish etgan bo‘lsada, hali hanuz to‘yinishdan yiroq. Biz 2021−yil davomida Ucell ichida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar qilish rejasidan yiroqmiz, ko‘proq jipslashish va Ucell’da biznes o‘sishi uchun eng yaxshi amaliyotlarni tatbiq etishga e’tiborimizni qaratamiz», — deydi MegaFon bosh direktori Gevork Vermishyan.

«Ishonchim komil: yangi qo‘shma korxonaning ishga tushishi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli xizmatlar bozoriga yangi turtki bo‘ladi va Ucell hamda uning abonentlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Olimjon Umarov.

«USM Telecom» -USM xoldingining raqamli bo‘linmasi. MegaFon telekom operatori va «IKS Xolding» AT guruhining 100 foizini nazorat qiladi. «YueSeM Telekom»ning asosiy mulkdorlari − USM (80% aksiyalar), Ivan Streshinskiy (10%) va Anton Cherepennikov (10%).

MegaFon — Rossiyaning telekommunikatsiya bozorida yetakchi o‘rinlarda turuvchi raqamli imkoniyatlar milliy operatori. MegaFon Rossiya telekom bozorining barcha segmentlarida, shu bilan birga Abxaziya, Janubiy Osetiya, va Tojikistonda faoliyat yuritadi, aloqa sifatiga azaldan alohida e’tibor qaratadi va abonentlariga yuqori tezlikdagi internet taqdim etadi.

«IKS Xolding» — Rossiyaning ko‘ptarmoqli AT-guruhi, u YADRO, Nexign, «Sitadel», «Kriptonit» hamda «Forpost» nomli 5ta subxoldingga birlashgan 30ta kompaniyani o‘z ichiga oladi. «Iks Xolding» faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — yirik ishlab chiqarish korxonalarini raqamli transformatsiyalash, axborot xavfsizligi, ma’lumotlarni saqlash tizimlari, kriptografiya va kvant hisob-kitoblar, mashinalashtirilgan ta’lim va neyrotarmoqlar, blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellektdan iborat. Xolding aloqa operatorlari uchun eng yirik AT yetkazib beruvchi sanaladi hamda Rossiyaning yirik AT ishlab chiqaruvchilari top uchtaligiga kiradi.

Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi raqamli iqtisodiyotdagi salmoqli loyihalarni amalga oshirish uchun tashkil qilingan. Markaz USM (50%), Rostex davlat korporatsiyasi (25%) va «Elvis-Plyus grupp» (25%)ning qo‘shma loyihasidir. Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi Rossiyada tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish davlat axborot tizimini yaratmoqda. Davlat-xususiy sheriklik shaklida tashkil qilingan CRPT Turon eksperiment natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish tizimi operatori deb tanlangan.

Ucell — GSM, UMTS, LTE va 5G standartlaridagi o‘zbek uyali aloqa operatori. 2018 yilning 5 dekabridan OOO «COSCOM» («Ucell» savdo belgisi) — 100% davlat kompaniyasidir. O‘tgan ikki yil mobaynida 8 million abonentga ega Ucell O‘zbekiston uyali aloqa bozorida yetakchiga aylandi. 2020 yil fevral holatiga aholi punktlaridagi qamrovi97,6% (GSM); 72,9% (UMTS); 60,8% (LTE)ni tashkil etmoqda. Ucell — O‘zbekistonda 5G standarti bo‘yicha ilk operator.

O‘tgan yilning oktyabr oyida «operatsion samaradorligi oshirilgan» uyali aloqa operatorini o‘zgartirish rejalari e’lon qilingan edi.