2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi.

Bu prezident tomonidan 9 fevral kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonda belgilangan.

Turistik yig‘im mehmonxona, xostel va mehmon uylari tomonidan har bir yashagan kun uchun olinadi. Hozir uni faqat xorij fuqarolari to‘laydi.

Yig‘im miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Turistik yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari uchun turistik yig‘im joriy qilinishi o‘tgan yilning oxirida aytilgan. O‘shanda yig‘imni BHMning 0,5% miqdorida belgilash rejalashtirilgan edi (BHMning hozirgi miqdorida — 245 ming so‘m — bu 1225 so‘mni tashkil etadi).