Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun qo‘yildi.

Bunday uzun nomli hujjatning qisqacha mazmuni quyidagicha: o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining so‘nggi 6 yilda barcha fanlardan olgan yillik baholarini kiritib borish uchun elektron platforma yaratiladi. Mana shu baholarning o‘rta arifmetik qiymati bitiruvchining oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida to‘plagan balliga qo‘shiladi.

Loyihani ishlab chiqqan Davlat test markazi ushbu qarorni qabul qilish zaruratini «mamlakatimizda ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirish», «intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash» va «ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mukammal bilim olishlarini ta’minlash» bilan izohlaydi.

Loyiha mualliflarining fikricha, bu qaror bilan «umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablarida ta’lim sifatining sezilarli darajada oshishiga erishiladi» hamda «ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagog kadrlari tomonidan ta’lim jarayonini samarali tashkil etish va o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish majburiyati yuklanadi». Biroq, deyarli hech nimani anglatmaydigan o‘rta arifmetik qiymatni kirish imtihonida to‘plangan ballarga qo‘shish qay tarzda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi borasida tushuntirish keltirilmagan. Haqiqatdan ham bu qaror ta’lim tizimiga ijobiy ta’sir qiladimi, tahlil qilib ko‘ramiz.

Validlikka yana bir zarba

O‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv dasturiga o‘ndan ortiq turli fanlar kiradi: kamida uchta til (ona tili, chet tili, ta’lim qaysi tilda olib borilishidan kelib chiqib rus yoki o‘zbek tili), ijtimoiy-gumanitar fanlar (adabiyot, tarix, huquqshunoslik, tarbiya), aniq va tabiiy fanlar (matematika, tabiatshunoslik, fizika, kimyo, biologiya, geografiya) hamda amaliy fanlar. Ba’zi fanlar (masalan, tillar) butun ta’lim davri davomida o‘tiladi, ba’zilari esa (chizmachilik va tadbirkorlik singari) faqat bir yo ikki yil davomida o‘qitiladi. Bunday vaziyatda o‘quvchining o‘rtacha yillik bahosi — hech nimani anglatmaydigan, qandaydir xulosalar chiqarishda tayanib bo‘lmaydigan oddiy bir raqam. Bir necha yillik o‘rtacha baho esa — yanada mavhumroq bir tushuncha.

Bunday vaziyatni tasavvur qilib ko‘raylik. Bir o‘quvchining ona tilidan yillik bahosi — 5, chet tilidan — 3, matematikadan — 3, jismoniy tarbiyadan — 4, tabiatshunoslikdan — 4. Bu baholarning o‘rta arifmetigi 3,8 bo‘ladi. Ushbu raqamga tayanib, bu o‘quvchi haqida qanday xulosaga kelish mumkin? U tillarni zo‘rg‘a 4ga biladi deymizmi? Yoki matematikani yaxshi tushunadi deymizmi? Balkim, tabiiy fanlarda nisbatan kuchliroq dermiz? Bunday sharoitda har qanday xulosamiz — ko‘r-ko‘rona fol ochish, xolos. Fanlar va yillar soni qanchalik ko‘paysa, o‘rta arifmetik qiymat o‘quvchining istalgan sohadagi bilimlarini shunchalik noaniq ko‘rsatib beradi.

Nega o‘rta arifmetik hech narsani anglatmasligini yodda tutishimiz kerak? Kirish imtihonlarining validligi masalasini oldin ham ko‘p ko‘targanman. Validlik — test natijalari abituriyentning bilimi haqida to‘g‘ri xulosa bera olishi va shunga tayanib asosli qaror qabul qilish mumkinligi. Kirish imtihonlari «Abituriyentlarning qay biri o‘zi tanlagan sohani egallash uchun kerakli bilim, malaka, kompetensiyalarga ega?» degan savolga javob topish maqsadida o‘tkaziladi. Aynan shu imtihon natijalariga qarab kim oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi aniqlanadi.

Demak, imtihon natijalari abituriyent OTMda o‘qishga qanchalik tayyor ekanini ko‘rsata olishi kerak. Masalan, agar abituriyent dasturlash yo‘nalishiga topshirgan bo‘lsa, imtihon natijalariga qarab u aynan bo‘lajak dasturchiga kerakli bilim va ko‘nikmalarni qay darajada egallagani haqida xulosa chiqara olishimiz lozim.

Kirish imtihonidagi fanlar sonining ko‘paytirilishi OTMlardagi cheklangan o‘rinlarga munosib nomzodlarni topishga yordam bermasligi haqida avval yozgandim. (Bu yildan boshlab abituriyentlar 5ta fandan imtihon topshirishadi.) Imtihon natijalariga hech nimani anglatmaydigan raqam — bir necha yillik baholarning o‘rta arifmetik qiymatinii qo‘shish esa kirish imtihonlarining shundoq ham jiddiy muammo bo‘lib turgan validligini yanada shubha ostiga qo‘yadi.

Formativ va summativ baholash: bularni chalkashtirmaslik zarur

Loyihani ishlab chiqish jarayonida mualliflar, ehtimol, nazardan qochirgan yana bir jihatga e’tibor qaratamiz. Pedagogika ilmida «formativ baho» va «summativ baho» tushunchalari mavjudligi, ular bir-biridan keskin farq qilishi haqida avval ham yozgan edim. Formativ baholashning maqsadi aslida baholash ham emas, balki o‘quvchiga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini aniqlashda yordam berish, o‘qish jarayonidagi kelgusi qadamlarini belgilab olishda ko‘maklashishdan iborat. Masalan, o‘qituvchi sinfda nazorat ishi o‘tkazib, keyingi darsni xatolar ustida ishlashga bag‘ishlashi mumkin. Bunda o‘quvchilar qayerda xato qilganliklarini, qaysi mavzularni takrorlashlari kerakligini bilib olishadi. Uyga vazifa va darsdagi faol ishtiroki uchun qo‘yiladigan baholar ham aslida formativ bahoga misol bo‘la oladi.

Summativ baholash esa, o‘quvchining ta’lim dasturini qay darajada o‘zlashtirgani haqida ob’ektiv xulosa berishi kerak. Bir o‘quvchining bahosini boshqa o‘quvchi bahosi bilan taqqoslash imkoni ham bo‘lishi lozim. Ob’ektivlikni ta’minlash uchun qator talablarga rioya qilinishi kerak. Masalan, baholashda ishlatiladigan topshiriqlarni standartlashtirish, baholash jarayonini standartlashtirish, anonim baholash (tekshiruvchi kimning ishini baholayotganini bilmaydi), aniq baholash mezonlarini ishlab chiqish va tekshiruvchilarning hammasi bu mezonlar asosida ishlashini ta’minlash. Ana shundagina Toshkentning markazidagi «obro‘li» maktabda 6-sinf o‘quvchisining matematika fanidan olgan 3 bahosi Surxondaryoning tog‘li qishlog‘idagi 6-sinf o‘quvchisining matematikadan olgan «uch"iga teng bo‘ladi.

Muhim qarorlarni qabul qilishda formativ bahodan foydalanish noto‘g‘ri — bunday qarorlar faqat summativ bahoga asoslanib qabul qilinishi kerak. Bundan tashqari, formativ baho summativ bahoga ta’sir etmasligi kerak, zero bu ikkisining maqsadlari boshqa-boshqa.

Yil so‘nggida topshiriladigan imtihonlarda yoki yakuniy davlat attestatsiyasida olingan baholar, aslida, summativ baho bo‘lishi kerak. Chunki ular o‘quvchi fanni qay darajada o‘zlashtirganini ko‘rsatishi va shunga qarab uni sinfdan-sinfga o‘tkazish yo o‘tkazmaslik haqida qaror qabul qilinishi lozim. Biroq amalda, o‘zlariga muammo orttirmaslik uchun o‘qituvchilar davlat ta’lim standartlarining minimum talablariga javob bermaydigan o‘quvchilarga ham «uch» qo‘yishadi. Buning ustiga, summativ baholashning yuqorida aytib o‘tilgan boshqa talablariga ham odatda rioya qilinmaydi.

Mavjud tizimda fanlar bo‘yicha yillik baholar qanday chiqariladi? O‘qituvchilar chorak davomida qo‘ygan baholardan o‘rtacha chorak baho, choraklar yig‘indisidan esa, o‘rtacha yillik baho hisoblanadi. Agar o‘quv yili yakunida fandan imtihon topshirilsa, o‘rtacha yillik bahoni aniqlashda u ham inobatga olinadi. Bunda formativ va summativ baholash talablarining yaqqol buzilishini ko‘rishimiz mumkin — formativ baholarning o‘rta arifmetik qiymati summativ baho sifatida olinmoqda. Bu yerda Toshkentning markazidagi, yoki Samarqand viloyatining chekka qishloqlaridagi, yoki Qoraqalpog‘iston ovullaridagi maktab bitiruvchilarining shahodatnomalaridagi 3 baholar teng kuchli ekanligini kafolatlovchi hech qanday mexanizm yo‘q. Mamlakatning turli chekkalaridagi maktablar qo‘ygan baholar u yoqda tursin, bir maktabning o‘zida ham turli o‘qituvchilar qo‘ygan baholarni taqqoslab bo‘lmaydi, sababi — nima uchun 3, 4 yoki 5 qo‘yilishini har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi.

Endi shu ob’ektiv bo‘lmagan, qiyoslash imkonsiz baholar o‘n minglab o‘quv dargohlarini bitirayotgan millionlab abituriyentlarning kelajagini hal qiluvchi imtihon natijalariga ta’sir ko‘rsatishi taklif qilinmoqda. Bu esa baholashda adolat mezonlarining buzilishidir.

Yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha sifatida. Muayyan fanga ixtisoslashgan maktablar bor. Tabiiyki, ulardagi o‘quvchilarning aynan shu fan bo‘yicha bilim darajasiga qo‘yiladigan talablar oddiy maktab talablaridan farq qilishi lozim. Bu ham baholarni taqqoslashni qiyinlashtiradi. Misol uchun, fizika fanini chuqur o‘rgatadigan maktab yoki litseyda fizika fanidan olingan 4 baho oddiy maktabda, yoki adabiyotga ixtisoslashgan maktabda, yo bo‘lmasa oshpazlarni tayyorlovchi kasb-hunar maktablarida fizikadan olingan 4 baho bilan teng emas. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, kirish imtihonlariga hech qanday daxli bo‘lmagan maktab baholarining imtihon natijalariga ta’sir qilishi adolatsizlikdir.

Har sohada «mohir»

Yuqorida aytib o‘tilganidek, loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatida bu taklif qanday qilib o‘quv maskanlaridagi «ta’lim sifatini sezilarli oshirishga xizmat qilishi» ochiqlanmagan. Agar loyiha egalari bu bilan o‘quvchilarni barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga ruhlantirmoqchi bo‘lishsa, keling, qarshi fikrimni bayon etay.

Har bir insonning o‘z qiziqadigan sohalari bo‘ladi. Kimdir fizik bo‘lishga qaror qiladi, kimningdir esa adabiyotda iste’dodi bo‘lishi mumkin. Kimdir trigonometrik masalalarni pistadek chaqib tashlaru, she’riyatdagi vaznlarni bir-biridan ajrata olmas. Boshqasi o‘tmishga sho‘ng‘ishni yoqtirsa, yana boshqasi kimyoviy tajribalar o‘tkazishni afzal ko‘rar. Bunday farqlar, ayniqsa, yuqori sinflarda yaqqol sezila boshlaydi. Bu normal holat. Har bir o‘quvchiga «ko‘ngliga yaqin» sohani aniqlashda yordam berar ekanmiz, kelajakda har xil sohadan malakali mutaxassislar yetishib chiqishi uchun zamin yaratamiz.

O‘quvchilardan bir paytning o‘zida ham yaxshi fizik, ham yaxshi adabiyotshunos bo‘lishni, ijtimoiy fanlarniyu tabiatshunoslikni birday zo‘r bilishni talab qilsak, kelajakda «bo‘lganicha bo‘lar» qabilida o‘qigan, hech bir sohani yaxshi bilmaydigan bitiruvchilarni yetishtirib chiqarishimiz mumkin.

«Beshlar sotib olamiz»?

Tasavvur qiling, bir bola yettinchi sinfligidanoq kelajakda muhandis bo‘lishga qaror qilib, matematika va fizika bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Nega uning tarix va adabiyotdan olgan baholari Politexnika institutiga kirayotganda ballariga ta’sir qilishi kerak? Ha, dunyoqarashni kengaytirish uchun barcha fanlar muhim, lekin institut uchun «keng dunyoqarash» emas, abituriyentning muhandislik bilimlarini o‘rgana olishga qay darajada tayyorligi muhimroq bo‘lishi kerak emasmi?

Agar o‘z kelajagi haqida bir qarorga kelgan o‘quvchi unga tarixdan uch ham yetarli ekani, lekin ertaga kirish imtihoniga attestatdagi shu uch ham ta’sir qilishini oldindan bilsa, ota-onasidan muammoni hal qilib berishni so‘raydi.

Shunda ota-ona o‘qituvchi bilan gaplashib ko‘rishi va uch «sehrli tarzda» to‘rtga, hatto beshga aylanishi mumkin. Bayramlar arafasida sovg‘alar berib turish mumkin. Yoki direktorga maktabni ta’mirlashda yordam taklif qilish mumkin, so‘ngra direktor o‘qituvchidan kerakli bahoni qo‘yib berishni iltimos qiladi yoki majburlaydi.

Hozirgi tizimimizda o‘qituvchi qo‘ygan baho o‘quvchining haqiqiy bilim darajasiga qanchalik to‘g‘ri kelishini tekshiruvchi hech qanday mexanizm mavjud emas. Ya’ni, agar yuqoridagi qaror loyihasi kuchga kiradigan bo‘lsa, maktab darajasidagi korrupsiyaning oshishiga olib keladi.

Loyiha muhokamasi tagida qoldirilgan izohlarda ayrim foydalanuvchilar shu bo‘yicha xavotirlarini bildirishgan.

Kimdir e’tiroz bildirishi mumkin: elektron kundalik va baholar kiritib boriladigan elektron platformaning bo‘lishi korrupsiyaning oldini olishga yordam beradi, deb. Elektron kundalik baholar tizimga tushgandan keyingi o‘zgartirishlarning oldini olar, ehtimol. Ammo baholar kundalikka kiritilishidan oldin «gaplashib olish»ga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. Ta’lim tizimidagi har bir xodimga bittadan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi vakilini biriktirib qo‘ya olmaymizku?

Ehtimol, loyiha mualliflari bu bilan o‘quvchilarni, ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilarini «soyadagi ta’lim» hisoblanmish o‘quv markazlari va repetitorlardan maktabga qaytarishmoqchi bo‘lishgandir. Bu yaxshi qaror deb o‘ylamayman. O‘quvchilarni soyadagi ta’lim «quchog‘i»ga boshqa sabablar undamoqda: davlat standarti talablari va kirish testlari o‘rtasidagi jardek tafovut, sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi va natijada o‘qituvchidan sifatli fidbek (qayta aloqa) olish imkonsizligi, o‘qituvchilarning o‘zlarida bilimning balkim yetishmasligi ham.

Sabablarni hal qilmasdan turib oqibatlar bilan kurashish nafaqat samara bermaydi, balki yangi muammolar tug‘dirishi mumkin. O‘quvchilar repetitorlarga qatnashda davom etaveradi, qo‘shimchasiga kerakli bahoni «qo‘yib berishlari» uchun maktab bilan «gaplashishlar» boshlanadi.

Ta’lim tizimi ishtirokchilari hatti-harakatlariga ta’sir etuvchi qarorlarni qabul qilishdan oldin pedagogika ilmining asosiy tamoyillarini hisobga olish, yuzaga kelishi mumkin oqibatlarni obdon ko‘rib chiqish lozim. Har qachon ham yaxshi niyat yaxshi oqibatga olib kelavermaydi. Ayniqsa, noxush oqibatlarning oldini olish uchun zarur mexanizmlar bo‘lmasa.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi.