Prezidentning 9 fevraldagi «Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 martgacha qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan qorako‘lchilik klasterlariga ozuqa uchun yer maydonlari ajratiladi.

Shunga muvofiq, 2021 yil 15 fevralgacha 100 mlrd so‘m mablag‘lari «Turonbank» ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qo‘shish orqali taqdim etiladi.

2024 yil 1 yanvargacha Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi egaligidagi yaylovlar va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan Qo‘mitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer solig‘i 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, nasldor qo‘y va echkining, shu jumladan qorako‘l zotli qo‘ylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 400 ming so‘m miqdorida subsidiya taqdim etiladi.

2021 yil 1 apreldan Uyushma a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.