Qirg‘izistonda qog‘oz hujjatlar kamaytirilib, haydovchilik guvohnomasini olib yurmaslik mumkin bo‘ladi. Mamlakat prezidenti Sodir Japarov bu haqda tegishli farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, 1 martga qadar mamlakat hukumati davlat idoralari tomonidan qog‘oz shaklidagi hujjatlarni so‘rash amaliyotiga chek qo‘yadi. Barcha ma’lumotlar elektron tarzda olinadi.

Bundan tashqari, hukumat 1 mayga qadar ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va transportni ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarning elektron shaklini joriy qilish bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi.

Demak, Qirg‘iziston fuqarolari ushbu masalalar hal qilingach, haydovchilik guvohnomalarini o‘zlari bilan olib yurishlari shart bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, fevral oyida Qozog‘istonda haydovchilarga guvohnoma va «texpasportlar» ni olib yurmaslik huquqi berilgan edi.