Janubiy Koreyaning Hanshin Engineering & Construction kompaniyasi O‘zbekistonda uchta investitsion loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Dunyo.

Kokand City

Hozirda Qo‘qon shahrida 34 gektar maydonda joylashgan ko‘p xonadonli Kokand city turar-joy majmualarini qurish masalasi ishlab chiqilmoqda. Noyabr oyida Hanshin Engineering & Construction kompaniyasining delegatsiyasi Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. U yerda ichki uy-joy bozoridagi vaziyat batafsil o‘rganilib, qurilish materiallari yetkazib beruvchilari, loyihalash institutlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, shuningdek, loyiha uchun ajratilgan maydon ko‘zdan kechirildi.

Loyiha instituti

Shuningdek, kompaniya «Kishloqqurilishloyiha» MCHJ, «Toshuyjoyliti» AJ va «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ negizida «MDH makonida noyob bo‘lib qoladigan» qo‘shma loyiha institutini yaratishni rejalashtirmoqda. Endi tomonlar ushbu uchta loyiha va tadqiqot institutlarining faoliyat ko‘lami, asosiy moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida fikr almashmoqdalar. Hanshin Engineering & Construction loyiha institutlarida davlat ulushini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.

Golf kompleksi

Janubiy Koreya kompaniyasi 800 mln dollarga Samarqand viloyatida xalqaro toifadagi golf majmuasini barpo etishni rejalashtirmoqda. Loyihani 270 gektar maydonda amalga oshirish ko‘zda tutilgan, shundan golf maydoni va tashrif buyuruvchilar uchun turar joy binolari 194 gektarni, xalqaro maktab 6 gektarni, savdo-ko‘ngilochar va ko‘rgazma majmuasi 7 gektarni, zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy majmuasi — 55 gektarni va unga qo‘shni boshqa infratuzilmalar egallamoqda.

Loyihaning konsepsiyasi 2019 yil noyabr oyida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etildi. Hanshin Engineering & Construction qurilish ishlarini boshlash uchun javobni kutmoqda.

Uchala loyihani ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar evaziga amalga oshirish rejalashtirilgan. 12−19 fevral kunlari kompaniya bosh ijrochi direktori boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston bilan muzokaralarni davom ettirishi kutilmoqda.

2019 yil iyul oyida «Gazeta.uz» suzish havzalari, sun’iy orollar, restoranlar, mehmonxonalar va kongresslar markazini o‘z ichiga olgan Samarqanddagi eshkak eshish kanalida sayyohlik markazi qurilishi rejalashtirilgani haqida yozgan edi.