Bangkokda yuzlab namoyishchilar Myanma xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazishdi

Yuzlab odamlar 10 fevral kuni tushdan keyin Tailand poytaxtidagi MBK savdo markazi tashqarisida Myanma xalqini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirish uchun yig‘ildilar. Myanmaliklarga o‘xshab, namoyishchilar oshxona anjomlarini taqillatishmoqda. Bu haqda TASS muxbiri voqea joyidan xabar bermoqda. Maydonchaga olib boradigan har bir zinapoya yaqinida qurol-yarog‘ yoki boshqa taqiqlangan narsalarni tekshiradigan o‘nlab huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari navbatchilik qilmoqda. Politsiya namoyishchilarni tarqatmayapti. Namoyishchilar Myanmadagi harbiy harakatlarni qoralashdan tashqari, o‘zlarining talablarini, ya’ni Tailandda o‘nlab faollar ayblangan “ulug‘vorlarga” haqorat qilmaslik qonunini bekor qilishni eslatdilar. — TASS.

Myanmada 1 fevraldan boshlab yirik shaharlarida namoyishlar o‘tkazilyapti. Shu paytgacha 30ga yaqin miting qatnashchilari hibsga olindi.

Shprits yetishmasligi sababli millionlab yaponiyaliklar COVID-19ga qarshi vaksinasiz qolishi mumkin

Yaponiya Pfizer vaksinasining oltita dozasini tortib oladigan ixtisoslashgan shpritslar yetishmasligi sababli rejalashtirilganidan kamroq odamni koronavirusga qarshi emlashi mumkin. “Yaponiyada ishlatiladigan shpritslar atigi beshta dozani (Pfizer idishidan) tortib olishi mumkin. Biz olti dozani tortib oladigan barcha shpritslardan foydalanamiz. Ammo, albatta, ular yetarli bo‘lmaydi”, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Norixisa Tamura. Pfizer vaksinani olti dozali flakonda yetkazib beradi. Biroq ulardan oxirgi — oltinchi dozani olish uchun, Yaponiyada ishlatilganidan farqli o‘laroq, maxsus shprits mavjud emas. Shunday qilib, Yaponiyada har bir shishadan atigi beshta dozadan foydalanish mumkin bo‘ladi, bu esa rejalashtirilgan 72 mlndan 60 mln kishini Pfizer vaksinasi bilan emlash imkoniyatini beradi. — The Japan Times.

AQSH Savdo palatasiga ilk bor ayol kishi rahbarlik qiladi

AQSH Savdo palatasi tashkilotni 1997 yildan buyon boshqarib kelayotgan Tomas Donxyuning o‘rniga Syuzan Klarkni yangi bosh direktor etib tayinladi. “Syuzan Klarkning Palatadagi 16 yildan ortiq xizmatida tobora kengayib borayotgan mas’uliyat sohasidagi boy tajribasi, kelajak istiqbollari va AQSH Savdo palatasini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan birga, uni kelajakda ushbu tashkilotda yetakchilik qilish uchun eng yaxshi nomzodga aylantirdi”, — dedi savdo palatasi kengashi raisi Kristofer Lofgren. Klark 100 yil oldin mahalliy savdo palatalari va AQSHning yetakchi kompaniyalarini birlashtirib, AQSH bo‘ylab o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun tashkil etilgan ushbu tashkilotga rahbarlik qiladigan birinchi ayol bo‘ladi. Klark 2019 yildan beri Savdo-sanoat palatasining prezidenti sifatida ishlab kelgan. — The Wall Street Journal.

Turkiya ikki yil ichida Oyga kosmik kemani yuborish niyatida

Kosmik sohani rivojlantirish doirasida Anqara 2023 yilgacha Oyga qo‘nadigan kosmik kemani yuborishni rejalashtirmoqda, dedi Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘an milliy kosmik dasturi taqdimotida. “Milliy kosmik dastur bo‘yicha bizning asosiy va eng muhim maqsadimiz — respublikamiz tashkil topganligining 100 yilligida ilk bor Oyga yetib borishdir”, deya uning so‘zlarini keltiradi Sabah nashri. Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Turkiya xalqaro hamkorlik doirasida kosmodrom qurmoqchi. Prezident dasturning yakuniy maqsadi Turkiya fuqarosini kosmosga yuborish ekanligini ham e’lon qildi. — Sabah.

Hutiylar Saudiyaning Abha shahri aeroportiga hujum qilishdi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi Yamanning isyonkor harakati Ansor Alloh (hutiylar) tarafdorlari tomonidan Saudiyaning Abha shahridagi aeroportga hujum uyushtirilganligi haqida xabar berdi. Hujum natijasida Abhi aeroportida fuqarolik samolyoti yonib ketdi. Ayni paytda, koalitsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in o‘chirilgan. Aeroportga qilingan hujum tafsilotlari oshkor qilinmadi. “Abhi aeroportiga hujum qilib, tinch aholini xavf ostiga qo‘yishga urinish harbiy jinoyat hisoblanadi”, — deya Sky News Arabia alyansning so‘zlarini keltiradi. “Biz tinch aholini hutiylar tahdididan himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi koalitsiya qo‘mondonligi. —  Sky News Arabia.

Heineken 8 ming ish joyini qisqartiradi

Gollandiyaning pivo ishlab chiqaruvchi Heineken NV konserni koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari tufayli butun 2020 yil davomida katta zarar ko‘rdi. Shu bois Heineken 8 ming ish joyini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya pandemiya joriy yilning birinchi yarmida o‘z faoliyatiga “bosim” o‘tkazishni davom ettirishi, ikkinchi yarmida esa bozor sharoitlari asta-sekin yaxshilana boshlashini prognoz qilmoqda. Heineken press-reliziga ko‘ra, 2020 yilda sof zarar 204 mln yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda sof foyda 2,17 mlrd yevroga teng bo‘lgan. Konsern oktyabr oyida xarajatlarni kamaytirish uchun shtab-kvartirasini va hududiy idoralarini “optimallashtirish"ni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Ushbu tashabbus doirasida 8 ming ish joyi qisqartirilishi ko‘zda tutilgan. — Heineken.