4 milliard so‘mlik tovarlarni bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida bojxona xodimiga 9400 AQSH dollarini pora tariqasida berishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Ushbu holat Davlat bojxona qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmalari hamda DXX xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirda aniqlangan.

Tadbirkor 2020 yilning dekabrida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamini topib qo‘ng‘iroq qiladi, unga uchrashib gaplashib olishni taklif qiladi.

O‘zaro uchrashuvda esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan yetib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o‘rnatilgan inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazmaslikni hamda «Xavfni boshqarish tizimi»da xavf guruhiga kiritmaslikni so‘raydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi.

Bojxona xodimi zudlik bilan bu haqida o‘z rahbariyatini xabardor qiladi. Shundan so‘ng, pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqiladi.

2021 yil yanvar oyi boshida tadbirkor bojxona xodimiga jami 9400 AQSH dollari va 1 dona qimmatbaho qo‘l soatini pora tariqasida beradi. Tezkor tadbir aynan shu yerga kelganida tugatilmadi, chunki bu vaqtda konteynerlar hali O‘zbekiston hududiga kirib kelmagandi.

14−15 yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner «Chuqursoy texnik idora» chegara-bojxona posti orqali respublikaga kirib keladi.

Belgilangan tartibda inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechiriladi. Unda konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar o‘rtasida tafovutlar aniqlanadi va chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazish belgilanadi.

Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Farg‘ona viloyatidagi «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltiriladi.

Konteynerlar Dang‘ara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, ko‘zdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast yetkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland bo‘lgan tovarlar — velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past bo‘lgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilinadi.

Shunday qilib, voqea joyida qiymati 4 mlrd 160 mln so‘mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o‘lchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSH dollari va 1 dona qo‘l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi ko‘chgan qismlarni bo‘yash uchun bo‘yoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.