«Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Unga ko‘ra, davlat ulushini sotib olish uchun qiziqish bildirgan talabgorlardan takliflar 2021 yil 15 yanvarga qadar qabul qilindi.

Davlat ulushini sotib olish bo‘yicha Agentlikka va Moliyaviy maslahatchiga Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qit’alari mamlakatlaridan bir qancha talabgorlarning takliflari kelib tushdi.

Talabgorlardan kelib tushgan barcha takliflar kompaniyaning ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda ko‘rib chiqildi hamda sotish uchun belgilangan mezonlarga mos kelgan deb e’tirof etilgan talabgorlar aniqlandi hamda keyingi bosqichga o‘tkazildi.

Ushbu talabgorlar bilan muzokaralar jarayoni davlat ulushini sotish bo‘yicha jalb etilgan xalqaro maslahatchilar — «Rothschild & Cie» investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi, Fransiya) va «Dentons» yuridik firmasi (yuridik maslahatchi, Buyuk Britaniya) ishtirokida davom ettiriladi.

Mazkur bosqichda talabgorlar bilan Oshkor etmaslik to‘g‘risidagi tegishli bitimlar imzolanadi. Kompaniya to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan Axborot memorandumi, Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari, biznes-rejasi, yuridik, moliyaviy va soliq jihatdan o‘rganish hisobotlari ularga taqdim etiladi.