Navoiy viloyatida farzandsizlikdan qiynalgan fuqaroga o‘z bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, farzandsizlikdan qiynalgan K.D. nikohsiz dunyoga kelgan bolasini 25 ming AQSH dollariga sotishini aytgan A.I.ga chaqaloq uchun shu narxga baholangan ikki xonali uy olib berishni taklif qilgan.

A.I. xonadonning kadastr hujjatlarini olib, evaziga voyaga yetmagan farzandini K.D.ga topshirayotgan vaqtida ushlangan.

A.I. JKning 135 moddasi 3 qismi «a» bandiga ko‘ra (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) aybdor deb topilgan.

Uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoniyati mavjud deb hisoblab, unga nisbatan JKning 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

IIV Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva, chaqaloq savdosiga keltiruvchi asosiy omillari bu — bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmay, moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi, turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani va chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi deya ta’kidlagan edi.