O‘zbekistonda har yili 1700−1800 ayol bachadon bo‘yni saratoniga chalinadi, ularning 42 foizdan ortig‘i vafot etadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.

O‘limlarning aksariyati — tashxisni kech qo‘yish natijasida ro‘y beradi. Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi (98−99 foizi) odam papilloma virusi (OPV) xisoblanadi.

Botir Qurbonov mamlakatda bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan saraton xastaligi ekanligiga e’tibor qaratdi.

Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15−44 yosh) orasida bachadon sartonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi.

Sanitariya-epidemiologik xizmat rahbari o‘rinbosarining aytishicha, odam papilloma virusi bu butun dunyoda juda keng tarqalgan bo‘lib, erkak va ayollarda ham eng ko‘p uchraydigan infeksiyalardan biridir. Ushbu virusning 190 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ulardan kamida 13 xili saraton kasalligini chaqiradi.

«Ushbu virus asosan jinsiy organlar orqali yuqadigan viruslar turkumiga kiradi. Virus erkaklarda ham ayollarda ham saraton kasalligini keltirib chiqarishi bilan xavfli hisoblanadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra har yili dunyo bo‘yicha 370 mingdan ortiq shaxs ushbu kasallik bilan kasallanib ulardan 190 ming nafari mana shu kasallik oqibatida vafot etadi», — dedi u.