O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021−2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tashkil etildi va u quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritishga mas’ul etib belgilandi:

  • qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash;
  • fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari va kooperatsiyalari hamda ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan manfaatli ilmiy-ishlab chiqarish hamkorligini yo‘lga qo‘yish, yangi ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • barcha turdagi davlat ilmiy va oliy ta’lim muassasalarining qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash;
  • qishloq xo‘jaligi sohasida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar asosida ularning malakasini oshirish;
  • qishloq xo‘jaligida xususiy sektorni keng jalb etgan holda bilim, malaka va ko‘nikmalarning samarali almashinuvi hamda uzatilishini ta’minlaydigan milliy axborot va maslahat xizmatlari tarmog‘ini rivojlantirish;
  • xalqaro sifat standartlarini joriy qilishda ko‘maklashish, mahsulot yetishtiruvchilar va agrobiznesning o‘zaro hamkorlik platformasini tashkil etish.

Farmonda, shuningdek, 2021−2022 yillarda Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlarini tashkil etish topshirilgan. 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari tashkil etiladi.

Mazkur markazlar Jahon bankining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘larni jalb etgan holda yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi.

Respublika agroxizmatlar markazi, hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari o‘z faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etadi:

  • hududlarning uzoq muddatli rivojlanish tendensiyalari va inson kapitali bozori talablaridan kelib chiqqan holda sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;
  • xorijiy tajriba asosida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
  • hududning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy tashkilotlarga tayyor ilmiy ishlanmalar va tegishli ilmiy maslahatlarga buyurtmalarni shakllantirish;
  • qishloq xo‘jaligi sohalarining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan ilmiy ishlanmalarni hududlar sharoitiga moslashtirish yo‘nalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish, uning natijalarini bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sub’ektlarga yetkazish;
  • hududlar agrar sohasi asosiy ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda xalqaro tajribalar hamda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi barcha xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida amalga oshirish;
  • qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga bevosita va onlayn hamda «call-markaz» orqali xizmat ko‘rsatish.

Prezidentning boshqa bir qarori bilan Milliy markaz tizimida quyidagilar tashkil etilmoqda:

  • Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo filiali negizida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi.

Shuningdek, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi huzuridagi Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatining «O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti» mas’uliyati cheklangan jamiyati belgilangan tartibda davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etgan holda Milliy markaz tizimiga o‘tkaziladi.