Toshkent shahridagi 295-maktabda O‘zbekiston bo‘ylab maktab va universitetlarda dars beradigan, AQSHdan tashrif buyurgan 27 nafar ingliz tili o‘qituvchi va olimlardan iborat yangi kelgan guruh kutib olindi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar bermoqda.

Tadbirda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.

Yanvar oyida kelgan va ikki haftalik karantin davrini tamomlagan guruh koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan AQSH almashinuv ishtirokchilarining birinchi guruhi ekanligi qayd etildi.

«Har biringiz mamlakat bo‘ylab sinfxonalarda va ta’lim muassasalarida muhim ahamiyatga molik ishlarga poydevor bo‘lib xizmat qilasiz. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassis sifatida sizlar hukumatlarimizning ingliz tilida ravon so‘zlashuvchi bitiruvchilarni ko‘paytirish va O‘zbekiston yoshlarining ta’limga oid hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun birgalikdagi maqsadlarimizga katta hissa qo‘shasiz» , — dedi elchi Rozenblyum o‘z nutqida.

«O‘zbekiston Prezidenti o‘zining Parlamentga qilgan murojaatida chet tillarini o‘rganishni bu yilgi ustuvor vazifalardan biri, deya ta’kidladi. Shu bois joylarda ingliz tilini o‘rgatishni yanada yaxshilashga ko‘maklashishi uchun biz AQSHdan mutaxassislarni taklif etdik. Bu bizga yuqori maqsadlarga ega „English Speaking Nation“ loyihamizni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi», — dedi Xalq ta’limi vaziri.

Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchilarning aksari mahalliy o‘qituvchilar davrasiga qo‘shilib, sinfxonalardagi darslarda bevosita ishtirok etadi. Guruhdagi yetti kishi esa «English Speaking Nation» dasturi doirasidagi «Murabbiy-trenerlar» nomli pilot loyihada qatnashadi. Uning maqsadi O‘zbekiston o‘rta maktablaridagi chet tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish va malaka oshirishda amaliy yordam berishdan iborat. Ushbu dasturni AQSH elchixonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi granti asosida Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Amerika kengashlari amalga oshiradi.

Chorshanba kuni AQSHlik o‘qituvchilar o‘z faoliyatlarini boshlaydilar.