8 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

«Gazeta.uz» ushbu taqdimot slaydlarini ko‘rib, Chirchiq shahri hududida IKEAning innovatsion mebel ishlab chiqarish fabrikasi qurilishi rejalashtirilganligiga e’tibor qaratdi.


Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 22 oy ichida innovatsion mebel ishlab chiqarish fabrikasi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha tashabbuskori sifatida «IKEA» MCHJ ko‘rsatilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 52 mln AQSH dollariga baholangan bo‘lib, 10 mln dollar loyiha tashabbuskorining o‘z hisobidan, qolgan 42 mln dollar esa xorijiy investitsiya evaziga moliyalashtiriladi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5,5 gektar yer maydoni ajratilishi so‘ralgan.

Mebel ishlab chiqarish fabrikasi ishga tushgach, 320 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati 3,2 ming dona mebel va 17 mln dollarga baholanmoqda.

IKEA — bu transmilliy korporatsiya bo‘lib, 1943 yilda Shvetsiyada 17 yoshli Ingvard Kamprad tomonidan tuzilgan. Kompaniya tez yig‘iladigan mebel, oshxona texnikasi va uy jihozlarini ishlab chiqaradi. Bosh ofis Niderlandiyada joylashgan. IKEA 2008 yildan beri dunyodagi eng yirik mebel sotuvchisi hisoblanadi. IKEAning ko‘plab magazinlari INGKA xolding kompaniyasiga tegishli, kompaniya esa Stichting INGKA — dunyoning eng boy 40 ta fondlaridan biri tomonidan boshqariladi. Avgust oyining oxirida Ingka Group 50dan ortiq mamlakatlarda 445 ta magazinlarga ega edi.