Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni saylov qonunchiligini takomillashtirish va unga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 29 yanvarda qabul qilingan va Senat tomonidan 5 fevralda ma’qullangan.

Unga ko‘ra, Prezidentlikka saylov, Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi.

Demak, bu yilgi prezident saylovlari 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.

Saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari esa tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.

Xalq deputatlari tuman, shahar (bundan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi mustasno) Kengashiga saylov uchun okrug saylov komissiyasi tuzilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.