BAA 2022 yilda uch jahon dini ibodatxonasini ochadi

2022 yilda BAAda “Ibrohimning oilasi uyi” deb nomlangan uchta “Ibrohim diniga” oid ibodatxona ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda BAAning Moskvadagi elchisi Muhammad Ahmad al-Jaber aytib o‘tdi. “2022 yilda Abu Dabi uchta jahon dini, ya’ni islom, xristianlik va yahudiylikni ichiga olgan „Ibrohimning oilasi uyi“ nomlangan ibodatxonasini ochishni rejalashtirmoqda”, — dedi u. “Ibodatxona barcha din va e’tiqoddagi odamlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlashga qaratilgan ta’lim, muloqot va ibodat joyiga aylanadi”, — deb qo‘shimcha qildi Jaber. — TASS.

JSST COVID-19 “laboratoriyadan” kelib chiqishini ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) missiyasi mutaxassislari COVID-19 koronavirusining laboratoriyada kelib chiqishi ehtimoldan yiroq deb hisoblashadi. Bu haqda JSSTning zoonoz infeksiyalari (hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklar) va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Ben Embarek ma’lum qildi. “Laboratoriyadan kelib chiqgan gipoteza juda ehtimoldan yiroq… Va bu virus manbasini qidirishda qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan gipoteza emas”, — dedi u Xitoydagi missiyadan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Ben Embarek, shuningdek, dastlab COVID-19 ko‘rshapalaklar ichida tarqalishni boshlaganini, ammo kasallik Uxanga hayvonlar orqali tarqalgani ehtimoli juda pastligini ta’kidladi. Hozirda mutaxassislar koronavirus rivojlanishi va keyinchalik odamga yuqishi mumkin bo‘lgan boshqa hayvon turlarini o‘rganmoqdalar. — Gazeta.uz

Saudiya Arabistoni qonun islohotini e’lon qildi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Qirollik bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad bin Salmon bin Abdul Aziz Al-Saud 8 fevral kuni qonunchilikni takomillashtirish maqsadida u isloh qilinishini e’lon qildi. Muhammad bin Salmonning so‘zlariga ko‘ra, qirollik “huquqlarni himoya qilish, adolat va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash” maqsadida qonunlarni o‘zgartirish va takomillashtirish orqali qonunchilik tizimi isloh qilinadi. Ishlab chiqilayotgan to‘rtta me’yoriy hujjatlar orasida “Shaxsiy holat to‘g‘risida”, “Fuqarolik bitimlari to‘g‘risida”, “Dalillar to‘g‘risida” va Jinoyat kodeksi mavjud, dedi u. Qonun loyihalari, valiahd shahzodaning so‘zlariga ko‘ra, avval hukumatga, so‘ngra maslahat kengashiga (qonun chiqaruvchi organ) ko‘rib chiqilishi uchun taqdim etiladi. Qonunlarni joriy yilda qabul qilish rejalashtirilgan. “Ushbu qonunchilik me’yorlarining yo‘qligi sud qarorlarida nomuvofiqliklarga, hodisalar va amaliyotni tartibga soluvchi noaniq qoidalarga olib keldi, bu esa sud jarayoni vaqtini uzaytirdi… Avvalgi sud kodeksi jamiyat ehtiyojlariga umuman javob bermaydi”, — deya tushuntirdi u. Mamlakat adliya vazirining ta’kidlashicha, yangi qonunchilik nikoh shartnomalaridagi ayollarning xohish-irodasi mustahkamlanishiga aniqlik kiritadi. Bundan tashqari, shaxsiy holat to‘g‘risidagi yangi qonunda nikoh yoshining eng kam yoshi belgilanadi, bolaning huquqlari va manfaatlarini himoya qiluvchi moddalar qo‘shiladi. — Al Arabiya.

2020 yilda Xitoyda tug‘ilishlar soni 30 foiga kamaydi

2020 yilda Xitoyda tug‘ilish darajasi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga kamaydi. “2020 yilda jamoat xavfsizligi organlari tomonidan doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning soni 10,035 mln kishini tashkil qildi, shundan 5,29 mlni yoki 52,7 foizini o‘g‘il bolalar, 4,74 mlni yoki 47,3 foizini qiz go‘daklar tashkil etadi”, — deyiladi vazirlikning hisobotida. Milliy statistika byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda 2019 yilda 14,65 mln, 2018 yilda 15,23 mln, 2017 yilda 17,23 mln va 2016 yilda 17,86 mln bola tug‘ilgan. 2020 yilda yangi tug‘ilganlar soni 30 foizga kam bo‘lgan. — Interfaks.

Bitkoin narxi 48 ming dollarga yetdi

So‘nggi uch oy ichida kriptovalyuta narxi uch baravardan oshdi. Toshkent vaqti bilan soat 12:00 atrofida Bitkoin narxi 48,200 dollarni tashkil etdi, bu avvalgi savdolar yopilishidagi darajadan 6,9 foizga yuqori. Tesla 8 fevral kuni bitkoinlarga 1,5 mlrd dollar miqdorida sarmoya kiritganini e’lon qilgan. Shuningdek, kompaniya yaqin kelajakda kriptovalyutani elektr transport vositalari va boshqa mahsulotlar uchun to‘lash usuli sifatida qabul qilishni boshlash niyatida ekanligini aytdi. — CoinDesk.