Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat qildi.

Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va ilm-fan vazirining buyrug‘i bilan 8 fevraldan boshlab OTMlarda kunduzgi o‘qish jarayoni boshlash ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaga qaytish maqsadida o‘zbekistonlik talabalarning turli soxta hujjatlar, shu jumladan, chegarani kesib o‘tishda yordam berish uchun Rossiya OTMlari nomidan soxta taklif xatlari tayyorlashga ixtisoslashgan shubhali shaxslarga murojaat qilish holatlari uchramoqda.

Xabarda keltirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondan Rossiyaga charter reysiga talabalar ro‘yxati tuzilayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda. Biroq bu Rossiya hukumatining «Rossiya Federatsiyasiga xorijiy fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar kirishini vaqtincha cheklash hamda vizalar va takliflarni rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatish haqida"gi qarori talablariga zid.

«Hozirgi vaqtda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Rossiya Federatsiyasi hududiga to‘sqinliklarsiz kirish huquqiga ega fuqarolar tasnifiga kirmaydi», — deya ta’kidlaydi TIV.

Vazirlik elchixona rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borishni so‘ragan.