Nukusda Granit Montaj Stroy qurilish kompaniyasi tomonidan Nukus city markazidagi ko‘p qavatli uylarning suv va kanalizatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha imzolangan shartnoma doirasida jami 246,1 mln so‘mlik byudjet mablag‘larining talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining «Suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamda «Granit Montaj Stroy» MCHJ tomonidan Nukus shahri, A.Shamuratova ko‘chasi avtomobil yo‘lining asfalt qoplamasini qayta tiklash va Nukus shahrida joylashgan «Nukus city» markazidagi ko‘p qavatli uylarning suv va kanalizatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yilning 18 sentyabr sanasida qiymati 3 mlrd 567,7 mln so‘mlik pudrat shartnomasi tuzilgan.

Mazkur shartnomaga asosan «Granit Montaj Stroy» MCHJ tomonidan qiymati 236,5 mln. so‘mlik asfalt qoplamasi hamda qiymati 9,6 mln. so‘mlik suv tarmoqlarini ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilmagan bo‘lishiga qaramasdan, bajarilganligi haqida rasmiy hujjat hisoblangan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritilib, jami 246,1 mln. so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi aniqlandi.

Ushbu holat bo‘yicha Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining «Suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamda «Granit Montaj Stroy» MCHJ mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda mazkur jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari Nukus shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.