Parij sudi Fransiya hukumatini iqlim o‘zgarishiga befarqlik masalasida aybdor deb topdi

Uzoq davom etgan sa’y-harakatlardan so‘ng Fransiyadagi to‘rtta nodavlat tashkilot va Affaire du Siècle (Asr masalasi) petitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan ikki milliondan ortiq fuqarolar iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sudda Fransiya hukumati ustidan g‘alabaga erishdi. Parij ma’muriy sudi tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari tarafini oldi va hokimiyatni va’dalarni bajarmaganligi uchun javobgar deb topdi. Sud davlatni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi sababli yetkazilgan ma’naviy zarar uchun da’vogarlarga ramziy ravishda 1 yevro to‘lashni buyurdi. Ekologik zarar uchun davlat hukumatining javobgar deb tan olinishi Fransiya qonunlarida ko‘rilmagan hodisa hisoblanadi. Ushbu holat ma’muriy sud mansabdor shaxs atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda. «Bu kun tarixda qoladi», — dedi Sesiliya Rinodo «Bizning umumiy ishimiz» (Notre Affaire à Tous) uyushmasi nomidan. — TASS.

AQSH BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga qaytmoqchi

AQSH prezidenti ma’muriyati BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan o‘zaro munosabatlarni tiklashga tayyorlanmoqda. «Yaqin kelajakda AQSH Kengash bilan kuzatuvchi sifatida hamkorlikni qayta tiklaydi», deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, tegishli buyruq AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan berilgan. AQSH davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat «ushbu lavozimda Kengashda xizmat qilish, muzokaralarda qatnashish va boshqa mamlakatlar bilan qarorlar taqdim etish uchun hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi». «Biz Inson huquqlari bo‘yicha kengash o‘zining kun tartibini, tarkibi va diqqat markazini isloh qilishi kerak bo‘lgan nuqsonli organ ekanligini tan olamiz», — dedi AQSH davlat kotibi Entoni Blinken. Mamlakat 2018 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashidan chiqishini e’lon qilgan edi. O‘shanda Donald Tramp ma’muriyati Kengash Isroilga haddan tashqari e’tibor qaratayotgani ta’kidlangan edi. Bundan tashqari, Vashington bir qator mamlakatlar, jumladan, Xitoy, Kuba va Venesuelaning Kengashga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqdi. — Associated Press (AP).

Britaniyada 200 nafar olim Xitoyga maxfiy ma’lumotlarni berganlikda ayblanmoqda

Buyuk Britaniya xavfsizlik kuchlari Xitoyga qurol-yarog‘lar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni taqdim etganlikda gumon qilinayotgan mamlakatning 200 ga yaqin olimlarini tergov qilmoqda. Nashrning yozishicha, ular strategik jihatdan muhim sohalarda «dushman» davlatlarga intellektual mulkning o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan qat’iy eksport cheklovlarini buzganlikda gumon qilinmoqda. Tergov qilinayotgan ko‘plab olimlar Xitoy kompaniyalari bilan tijorat shartnomalari tuzish orqali qonundan bexabar holda buzganlikda shubha qilinmoqda. «Yaqin kelajakda biz sudlarda o‘nlab olimlarni ko‘rishimiz mumkin», dedi manba The Times nashriga. Eksportni nazorat qilish to‘g‘risidagi farmonni (2008) buzganlikda aybdor bo‘lganlar o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. — The Times.

Damashq Anqaraning Halab yaqinida turk universitetining filialini ochish qarorini noqonuniy deb atadi

Suriya Tashqi ishlar va emigrantlar vazirligi Turkiya hukumatining ikki davlat chegarasida joylashgan Halabda tibbiyot kolleji va Istanbul tibbiyot fanlari universiteti qoshidagi institutni ochish to‘g‘risidagi qarorini «xalqaro huquqning» buzilishi deb hisoblaydi. Vazirlik vakili ta’kidlaganidek, mamlakat «Turkiya hukumatining Halab shimolida joylashgan Ar-Ray shahridagi Istanbul universiteti qoshidagi kollej va institut ochish to‘g‘risidagi qarorini butunlay rad etadi». Bayonotda aytilishicha, Anqaraning harakati «Suriyadagi inqirozni qo‘zg‘atishga, terroristik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga va imperiyaga xos ambitsiyalariga xizmat qilishga qaratilgan Turkiya hukumatining siyosatini davom ettirishdan boshqa narsa emasdir». — TASS.

Turkmaniston prezidenti teatrlarda «xalqning baxtli hayoti to‘g‘risida» spektakllar yo‘qligidan norozilik bildirdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat madaniyat vaziri Atageldi Shamiradovga so‘nggi ogohlantirish bilan hayfsan e’lon qilib, kamchiliklarni iloji boricha tezroq tuzatishni talab qildi. 7 fevral kuni madaniyat va ommaviy axborot vositalarida ishlashga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilishda Berdimuhamedov «xalqning bugungi yutuqlari va baxtli hayotini madh etuvchi yangi spektakllar madaniyat markazlari va teatrlarida namoyish etilmayotganini ta’kidladi. Prezidentning gaplariga ko‘ra, bu «teatr yo‘nalishi va yaratilgan asarlarning badiiy saviyasining pastligi natijasidir». Berdimuhammedov 2021 yilda nishonlanadigan Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligini «munosib yoritib berish» bo‘yicha ham topshiriq berdi. — Neytralnыy Turkmenistan.