Toshkent shahar Yashnobod tumanida 3 ta avtomobil ishtirokida YTH ro‘y berdi. Bu haqda Toshkent shahar IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

5 fevral kuni taxminan soat 12.10 da Yashnobod tumanidagi Kichik xalqa avtomobil yo‘lida «YeQUINOX AT» haydovchisi 39 yoshli D. A. qayta burilish harakati davomida harakat ustuvorligiga ega bo‘lgan 70 yoshli P.K. boshqaruvidagi «Kamaz» rusumli yuk avtomobilini o‘tkazib yubormagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida «YeQUINOX AT» avtomobili boshqaruvsiz harakatni davom ettirib, yo‘l chetida to‘xtab turgan 50 yoshli A.N. boshqaruvidagi «Nexia»ga to‘qnashgan. Bir vaqtning o‘zida «Kamaz» avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib TMA-1 binosiga urilgan.

YTH oqibatida uchala avtomobil haydovchilari hamda yuqoridagi binoda bo‘lgan 73 yoshli M.M. shifoxonaga yetkazilgan.

Ushbu fakt bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.