4 fevral kuni Buxoro shahrida portlagan uy noqonuniy qurilgan va ogohlantirishlar inobatga olinmagan, deya ma’lum qildi Qurilish vazirligi.

Vazirlik tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganda, «WHITE GROUP TRADING» MCHJ (rahbari K.M.) tomonidan o‘zboshimchalik bilan mazkur ko‘p qavatli binoning qurilish ishlari boshlangani aniqlandi.

Buxoro shahar hokimining 2019 yil 7 iyuldagi 2894-sonli qarori bilan Buxoro shahrining I.Karimov ko‘chasi 7-uy manzilida joylashgan 12 ta xonadon va 9-uyda joylashgan 12 ta xonadon, shu bilan birga hududdagi savdo do‘konlari egalari bilan tuzilgan kelishuv bitimlari inobatga olinib, 1220 kv.metrda joylashgan yer uchastkasida «WHITE GROUP TRADING» MCHJ ga 1- va 2-qavatlari savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish va yuqori qavatlarida ko‘p xonadonli turar-joy binosi qurilishiga ruxsat berilgan.

Ushbu qarorga ko‘ra, viloyat Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yil 26 iyulda 1578-sonli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanib, loyiha tashkiloti «Arkada Arxstroy Servis» XK tomonidan 1-qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish 7−8 qavatli turar joy binosiga loyiha yechimlari ishlab chiqilgan.


Loyiha viloyat shaharsozlik kengashida tasdiqlanmagan va ijobiy ekspertiza xulosasi olinmagan. Shuningdek, Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Shaharsozlik hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib borayotganligi uchun inspeksiya xodimlari tomonidan «WHITE GROUP TRADING» MCHJ rahbariga ogohlantirish ham berilgan.

Ma’lum qilinishiga ko‘ra, viloyat va shahar hokimliklari hamda prokuratura organlariga bir necha bor noqonuniy qurilish olib borayotgan «WHITE GROUP TRADING» MCHJ ga nisbatan chora ko‘rish uchun xatlar chiqarilgan.

Shu bilan birga, tasdiqlangan konsepsiya loyihasini buzib, o‘zboshimchalik bilan qavatlar sonini oshirganligi sababli noqonuniy qurilayotgan qurilmani bartaraf qilish uchun Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizalari kiritilgan.

Sud tomonidan esa ishning noqonuniy qurilmani bartaraf qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qabul qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, hududlarda ruxsatnoma va shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan ob’ektlarda buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik va pudratchining ichki nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda, deyiladi vazirlik bayonnomasida.

4 fevral kuni Buxoro shahridagi qurilayotgan uyning portlashi natijasida 12 kishi jarohatlandi. 6 nafar fuqaroga uyga javob berilgan. Shifoxonada qolayotgan 5 kishining esa ahvoli qoniqarli va bir bemorning holati esa nisbatan og‘irligicha qolmoqda.

Ushbu holat yuzasidan JKning 259-moddasi 2-qismi «b» bandi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarining shu qoidalar bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyining boshida Jizzaxda noqonuniy qurilayotgan bino qulagan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov «To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema», — deya ta’kidlagan.