3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino mamlakatlari o‘rtasida diplomatik aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha protokolni imzolash rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marinodan esa mamlakatning Italiyadagi elchisi Daniela Rotondaro imzolagan.

Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgach, protokol kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlatga aylanadi.

San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat Janubiy Yevropada joylashgan va to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. Dunyodagi eng qadimgi konstitutsiyalardan biri amal qiladigan San-Marino uning zamonaviy chegarasi e’tiborga olinganda Yevropaning eng uzoq tarixga ega davlati hisoblanadi (301 yilda tashkil topgan). Bundan tashqari, San-Marino aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi (2020 yil — 56 ming 690 dollar) bo‘yicha dunyodagi eng boy mamlakatlardan biri hisoblanadi.

San-Marino elchisi ikki tomonlama munosabatlarni savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi bilan yaqin aloqada bo‘lgan San-Marino O‘zbekiston kompaniyalari va eksportchilariga Yevropa bozorlariga chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkinligini ta’kidladi.

Yana bir muhim yo‘nalish deb turizm sohasidagi hakorlik tilga olindi. Ma’lumot uchun, San-Marinoga har yili 3 mln dan ziyod sayyoh tashrif buyuradi. Mamlakat bu boradagi tajribasi bilan almashishga tayyorligini bildirdi.