Prezidentning 3-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2021-yilgi davlat dasturida xalqaro forumni ikkinchi bor o‘tkazish aks etgan, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Dasturda o‘tgan yili koronavirus sabab qoldirilgan “Tashkent Law Spring” ikkinchi xalqaro yuridik forumini 1 aprel kuni o‘tkazish belgilangan. Adliya vazirligi mas’ul xodimining aytishicha, forumda xalqaro mutaxassislarning ishtirokini tasdiqlash uchun vaqt talab etilishi munosabati bilan muddat o‘zgarishi ham mumkin.

Bu yilgi forum videoanjuman shaklida o‘tkaziladi. Unda yuridik texnikum va oliy yuridik ta’lim muassasalari talabalari onlayn tarzda qatnashadi. OAV vakillari uchun esa maksimal imkoniyat yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, ilk bor forum 2019-yilning 25−27-aprel kunlari “Huquq jadal modernizatsiya davrida” mavzusida o‘tkazilgan edi. 1200 dan ortiq huquqshunoslar, jumladan, dunyoning 40 dan ziyod mamlakatidan 250 nafar chet ellik ishtirokchi qatnashgan edi.