Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining yig‘ilishida davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev haqida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«G‘aniyev kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi. U Bosh vazir bo‘lgan paytimdan beri yonimda yuribdi. Uni eng katta buyuk fazlati bor, u halol odam, toza odam, halovati yo‘q odam. U o‘zini yuz foiz ishga bag‘ishlagan. Farg‘ona xalqini og‘ir sinov kunlarida nisbatan juda katta ish qildi, o‘zini ko‘rsatdi, men undan roziman», — dedi davlat rahbari.

Prezident bosh vazir o‘rinbosarining Farg‘onadagi faoliyatini ham esladi: «Farg‘onada qattiqqo‘lligi, bilimi bilan viloyat rivojiga katta hissa qo‘shdi. Uni Farg‘onadagi tajribasi, halloligini inobatga olib, mamlakatdagi eng og‘ir soha — qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ullardan biri qilib tayinladim. U talabchanligi, qattiqqo‘lligi va halovati bilan eng og‘ir sohada ham ijobiy o‘zgarishlar qilishiga ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, eng katta xatolardan biri rahbarlarni kechirmaslik ekaniga to‘xtalgan. «. Bir marta xato qilgan rahbarga boshqa imkon bermaslik — bu xiyonat. Uning ham rejalari, orzu-maqsadlari bor, har bir odam adashadi», degan u.

Davlat rahbari yanvar oyida Buxorodagi safarida Shuhrat G‘aniyevni tanqid qilgan edi.

«Qishloq xo‘jaligimiz ham qoniqtirmaydi. Haligacha sobiq ittifoq uslubida ishlayapmiz. Men 1993 yilda Yevropaga borganimda ko‘rganman, tuproqqa tushadigan har bir tomchi suv, har gramm o‘g‘itning aniq hisob-kitobi bor. Biz qachon hosildorlikni, daromadni ko‘paytiramiz?! G‘aniyevni [bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev — tahr.] ham ogohlantirdim, tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, ishdan ketadi», — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Shuhrat G‘aniyev 2020 yilning sentyabr oyida bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha u Farg‘ona viloyati hokimi bo‘lgan.