Prezident raisligida o‘tgan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining sessiyasida 2021−2022 yillarda umumiy qiymati 17 trln so‘mlik 949 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Bunda kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoati «drayver» bo‘ladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

«Farg‘ona azot» aksiyadorlik jamiyatida jami 537 mln dollarlik 3 ta loyiha, to‘qimachilikda 154 mln dollarlik 14 ta loyiha amalga oshiriladi.

Qayd etilishiga ko‘ra, viloyatda yer resursi cheklangani sababli cho‘l joylar, yaylov va adirliklarda 33 ming gektar yer o‘zlashtiriladi. Bunga sarflanadigan 350 mlrd so‘mlik xarajatlarning 110 mlrd so‘mi subsidiya hisobidan qoplab beriladi.

2021 yilda viloyatning 11 ta joyida 105 ta ko‘p qavatli uylar barpo etilishi ta’kidlandi. 312 mlrd so‘m markazlashgan mablag‘lar hisobidan 503 km yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha vazifa belgilandi.

Tibbiyot bo‘g‘inini rivojlantirish uchun 16 ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Farg‘ona viloyatidagi 19 ta tuman va shaharlarda bittadan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilishi, «Yoshlar: 1+1» loyihasi doirasida 8 mingdan ziyod ishsizlar tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitilishi belgilab berildi.