Yaqin ikki yil ichida O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun 2,5 mlrd dollar jalb etiladi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov 5 fevral kuni Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan forumdagi chiqishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar hisobiga Toshkentda, Buxoroda va Qo‘qonda uchta yangi data-markazlar ishga tushirilishi, telekommunikatsiyalarning fiksatsiya qilingan tarmoqlarini kengaytirish va mobil aloqalarni modernizatsiya qilish, elektron hukumatni rivojlantirish va IT sohasida kadrlarni tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.

Hukumat rahbari o‘z chiqishida barcha bolalar bog‘chalarida, tibbiyot muassasalarida va 8000dan ortiq maktablarda yuqori tezlikdagi internet o‘rnatilishini ma’lum qildi. «Bu yil biz qolgan maktablarni ulashni, shuningdek barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarini — butun mamlakat bo‘yicha 10 ming — internet bilan ta’minlashni rejalashtiryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.

Abdulla Aripov joriy yilda sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jalagi sohalarida raqamlashtirishni kengaytirish hamda bank sohasidagi transformatsiyani davom ettirish ko‘zda tutilganligini ta’kidladi.

Raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish ham ustuvor vazifalarga kirgan, deya davom ettirdi bosh vazir. U mamlakatda raqamli xizmatlarga talab sezilarli darajada oshganligini, elektron to‘lov tizimlari foydalanuvchilari soni 14 million kishidan ortganligini qayd etdi.

Raqamli forumda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zo va kuzatuvchi mamlakatlari hukumati rahbarlari qatnashdi. Shu kuni Olmaotada Yevroosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston ushbu yig‘ilishda birinchi marotaba qatnashmoqda.

4 fevral kuni forum oldidan Abdulla Oripov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Hukumat rahbarlari prezident Shavkat Mirziyoyevning sanitariya-epidemiologik cheklovlar tufayli mart-aprel oylariga qoldirilgan Moskva shahriga bo‘ladigan rasmiy tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qilishdi.