Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashi yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov faoliyatiga to‘xtaldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari yig‘ilish davomida ijro hokimiyatidagi kadrlar masalasiga to‘xtalib, «Bizga maslahat beradigan emas, aravani tortadigan hokim kerak. Qorovullik uchun vazir bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi.

Prezident bosh vazir Abdulla Aripov haqida ham fikr bildirdi. «Unga bir paytlar nisbatan adolatsizlik bo‘lgan, tuhmat qilishgan. Ammo shu paytgacha yonimda olib yuribman, ishonchimni oqlayapti. Shu bois hamma vazirlar shoshilmasdan, baland-parvoz gaplar aytmasdan, xalq ichida yurishi va hududlarning o‘sish nuqtalarini aniqlab, rivojlanishda ko‘maklashishi shart».

«Samarqand viloyatiga hokim bo‘lganimda, birorta vazir bormagan. Faqat Abdulla Nig‘matovich kelib, „Shavkat Miromonovich, yangi hokim bo‘libsiz, menga topshiriq bormi?“, degan. „Toshkentda ishlasangiz ham, insofingiz bor ekan-ku“, deganman. Boshqa birorta vazir bormagan. O‘shanda vazir lavozimida ishlasa-da, viloyatdagi bir qancha muammolarni yechishda yordam bergan, uch kun hududlarda yurgan. U paytlarda tumanma-tuman yurish mumkin emas edi», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 2020 yil yanvar oyida Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga tasdiqlanganda, Abdulla Aripovnning og‘ir tuhmatlarni boshdan kechirganini aytgan edi.

«14 yil bosh vazir bo‘lgan odam va uch marta ushbu lavozimga qayta tayinlangan shaxs sifatida bosh vazirning yuragidan qanday hislar o‘tayapti, bilaman. Abdulla Nig‘matovichni 20 yildan buyon bilaman. Ko‘p yillar yonma-yon birga ishlaganmiz. Hayotda ko‘p og‘ir tuhmatlarga qolgan, lekin shularni jasorat [bilan yengib], hech qachon singan emas. Men shu lavozimga (muvaqqat prezidentlik — tahr.) vaqtincha bo‘lganimda ham bosh vazir o‘rinbosari qilib, Abdulla Aripovni adolat yuzasidan qaytarganim, bejiz emas», — degandi prezident.