Buxoroda ko‘p qavatli uyda gaz portlash holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, gaz sizib chiqishi natijasida portlash yuz bergan 9 qavatli uy «WHITE GROUP TRADING» MCHJ tomonidan qurilgan.

Portlash natijasida, ko‘p qavatli uyda bo‘lgan A.Mirzayev, N.Samadov va I.Sotiboldiyevlar, portlash jarayonida yo‘ldan transport vositalarida yo‘lovchi sifatida ketayotgan F.Jo‘rayeva, Sh.O‘rinova, N.Roziqova, B.Jo‘rayev, M.Mahmudova, B.Sobirova, Sh. Idiyeva, F.Yuldasheva va Sh. Asadovalar turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

A.Mirzayev og‘ir, Sh. Asadova yengil va qolganlar o‘rta og‘ir tan jarohati olishgan. Tan jarohatlari bo‘yicha sudga oid tibbiyot va zarar yetkazilganligi bo‘yicha sudga oid baholash hamda sudga oid qurilish texnikaviy ekspertizalar tayinlandi.

Holat yuzasidan JKning 259-moddasi 2-qismi «b» bandi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarining shu qoidalar bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.