2020-yilda koronavirus pandemiyasiga qaramasdan ishlab chiqarish jarayonlarida baxtsiz hodisalar oshgan. Bu Davlat mehnat inspeksiyasining hisobotida aks etgan.

2020-yil davomida respublikada ushbu ko‘rsatgich 607 tani (107 taga ko‘paygan) tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar 500 ta bo‘lgan.

Baxtsiz hodisalar oqibatida 693 nafar xodim jabrlangan. Shundan 201 nafar xodim halok bo‘lgan, 457 nafari og‘ir va 35 nafari yengil tan jarohati olgan.

Tarmoqlar kesimida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar:

  • Sanoatda — 101 ta. Oqibatda 23 nafar xodim vafot etgan va 80 nafari og‘ir tan jarohati olgan;
  • Qurilishda — 82 ta. Oqibatda 31 nafar xodim vafot etgan va 51 nafari og‘ir tan jarohati olgan;
  • Qishloq ho‘jaligida — 18 ta. Oqibatda 12 nafar xodim vafot etgan va 15 nafari og‘ir tan jarohati olgan.

Ushbu baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish jarayonida 4014 ta aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan 566 ta yozma ko‘rsatma berilgan.

Qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun 403 nafar mansabdorga nisbatan 4,149 mlrd so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. 63 ta holatda inspektorlarning tegishli xulosalari asosida aybdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Respublika bo‘yicha kasb kasalligi hisobida turgan bemorlar soni 2019-yil 4716 kishini, 2020-yilda esa 4759 kishini tashkil etgan. 2020 yilda kasb kasalligi aniqlangan 43 nafar bemorning 40 nafari sanoatga to‘g‘ri kelgan.

Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ish beruvchilarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llanilishi yuzasidan jami 7065 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 1371 ta ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilgan, 4040 ta ish beruvchilar bilan joylarda seminarlar o‘tkazildi, 1683 marotaba ishonch telefon orqali tushuntirishlar berildi.