Ezgu Amal jamoat fondi Butunjahon saratonga qarshi kurashish kunida prezident Shavkat Mirziyoyevga tibbiyotning bolalar onkologiyasi va gematologiya yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qildi.

Ezgu Amal ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda saratonga chalingan bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish ko‘rsatkichlari 70−80% ni tashkil etadi, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatgich 20−30%ga teng. Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan aholiga yordam ko‘rsatishni isloh qilish bo‘yicha davlat dasturi bandlari bajarilmaganligicha qolmoqda, deya ta’kidlaydi fond.

«Tibbiyot tizimi, xususan bolalar onkologiya va gematologiya yunalishi darajasini tubdan yaxshilash va saraton kasalligiga chalingan bolalarga to‘g‘ri davolanish va sog‘lom yashash imkonini berish zarur. Chunki saraton kasalligi hukm emas», — deyiladi murojaatda.

Fond bolalar onkologiyasi va gematologiya yo‘nalishlarida qator muammolarni qayd etib, ularga yechimlar taklif qilgan:

  • bolalar onkologiya va gematologiya bo‘limlari Onkologiya va Gematologiya markazlarida, kattalar bilan bir klinikada joylashgan. Ezgu Amal bunday tizim faqat Tojikiston va Turkmanistonda davom etayotganligini ta’kidlagan. MDHning boshqa davlatlari va rivojlangan mamlakatlarda ushbu ikki yunalish birlashgan holatda Ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida tashkil topgan.

«Ko‘p tarmoqli bolalar markazlarining qulayligi shundaki, bemor bolalarga zarur bo‘lgan bolalar mutaxassislari (pediatr, kardiolog, jarroh, travmatolog, neyroxirurg), hamda bolalar reanimatsiya bo‘limlari bir joyda jamlangan. Bizning Gematologiya va Onkologiya markazlarimizda shu kunga qadar bolalar reanimatsiya bo‘limi mavjud emas», — deyiladi murojaatda.

  • erta tashxis qo‘yish (diagnostika) yo‘qligi. «Mamlakatning chekka hududlarida tibbiyot tizimi yetarli darajada rivojlanmagani bois, ko‘p saraton kasalliklari tashxisi kechiktirilib aniqlanmoqda. Kasallikning 3−4 darajasida qo‘yilgan tashxis, bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish ko‘rsatgichini pasaytiradi».

Murojaatda aytilishicha, zamonaviy diagnostika tekshiruvlari xususiy klinikalarda pullik o‘tkaziladi, biologik material esa chet elga jo‘natilib, to‘g‘ri tashxisga erishiladi. 1ta bemor to‘liq zamonaviy tekshiruvdan o‘tishi uchun 800−1000 AQSH dollari sarf qilishi kerak, deya ta’kidlaydi fond. Bundan tashqari, natijalardagi xatoni inkor qilish maqsadida, har bir birlamchi bemorning tahlili neytral 2ta markazda ko‘riladi. Lekin O‘zbekiston qonunchiligida biomaterialni transportirovka qilish man qilingan.

Fond onkologik va gematologik kasalliklari bo‘lgan bolalar uchun zamonaviy erta diagnostika va davolash usullari, palliativ yordam hamda yuqori texnologiyali tibbiy yordamni davlat byudjeti yoki kredit mablag‘larining jalb etilishi, yoki tibbiy sug‘urtani tadbiq etish yo‘li bilan amalga oshirishni taklif etmoqda.

«Shuningdek biomaterialni transportirovka qilish uchun qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish va kurerlik xizmatlari uchun rasmiy ruxsat kerak», — deyiladi murojaatda.

  • davolashning zamonaviy standart usuli mavjud emasligi. «Bugungi kunda bolalar onkologiya bo‘limlarida Xalqaro standartlarga asoslangan davo o‘tkazish va zamonaviy davolash protokollarini qo‘llash uchun yetarli sharoit mavjud emas. Buning sababi — yetarli asbob-uskuna, tibbiy anjomlar, qimmat dori vositalari, qon va qon mahsulotlari, xamda malakali kadrlar tanqisligidir», — deya ta’kidlaydi fond.

Fonda ma’lumotlariga ko‘ra, onkogematologiya bo‘limlarida dori-darmon bilan ta’minlanish 10−15%ni tashkil etadi. «Onkologiya Markazida bolalar eski samarasiz protokollar asosida davolanishayapti va yashash davomiyligi hozirgi kunda 30% tashkil qiladi. Moddiy sharoiti yuqori bo‘lgan oilalar esa, farzandining umrini saqlab qolish uchun chet el klinikalarini tanlashadi», — deyiladi murojaatda.

Ezgu Ama Ko‘p tarmoqli bolalar markazidagi umumlashgan Onkologiya va Gematologiya bo‘limlarida Zamonaviy standartlar bo‘yicha davolash usullari va protokollarini tadbiq etish va bo‘limlarni eng oxirgi tekshiruv hamda davolash tibbiyot jihozlari bilan ta’minlash kerakligini aytmoqda. Shuningdek, fond kimyo va nur terapiyasi yordam bermagan bemorlarga donorlardan ilik transplantatsiyasini qo‘llashni yo‘lga qo‘yishni hamda kasalliklar yagona elektron tarixini yaratishni taklif etmoqda.

  • kadrlar yetishmovchiligi. «Malakali mutaxassislar yetishmovchiligi (ayniqsa viloyatlarda), oylik maosh kamligi tufayli yosh kadrlarning ushbu sohaga qiziqishi pastligi va malakali mutaxassislarning boshqa sohaga yoki chet elga ishga o‘tib ketishi, mutaxassislarni chet eldagi nufuzli klinikalarda malaka oshirish imkoniyatining yo‘qligi, shuningdek til bilmasligi va o‘qish uchun sharoit yo‘qligi bolalar onkologiyasi rivojlanishida to‘siq bo‘lmokda», — deya ta’kidlaydi fond.

Ezgu Amal ushbu sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarning oyligini ko‘tarishni, ularni xalqaro ekspertlar yordamida imtihondan o‘tkazishni va rivojlangan davlatlarda amaliyot o‘tish imkoniyatini yaratishni taklif etmoqda.

Bundan tashqari, fond yuqorida ko‘rsatilgan takliflarning amalga oshirilishini monitoring qilish va nazoratga olish maqsadida jamoatchilik va OAV vakillari, ekspertlar va boshqalardan iborat Ekspert guruhini tashkil etishni taklif etdi.