Yangiyo‘l shahrida 8 yoshli qizni begona erkak olib ketmoqchi bo‘lgani haqidagi xabar asosida tergov harakatlari boshlandi. Hodisa 29 yanvar kuni soat 12:10larda sodir bo‘lgan.

2013 yilda tug‘ilgan, 1 sinf o‘quvchisi S.A. maktabdan chiqqanda uning yoniga noma’lum shaxs kelgan va u bilan suhbatlashgan. Unga shirinlik olib berishini aytib, qo‘lidagi maktab sumkasini olib, birgalikda bozor tomonga harakatlangan.

Ular biroz yurgandan so‘ng qizaloq u bilan ketmasligini aytib, yig‘lay boshlaganida erkak qizga maktab sumkasini qaytarib, o‘zi yo‘lda davom etgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoda ham aks etgan.

Surushtiruvlar davomida qizning ota-onasi videodagi shaxsni tanimasligini aytgan.

Hozirda ushbu shaxsning kimligini aniqlash yuzasidan shahar IIB xodimlari surushtiruv ishlarini davom ettirmoqda.