Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni mamlakatdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Uchrashuvda siyosiy partiyalar o‘z deputatlari orqali joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganishi, ularning yechimi bo‘yicha takliflar berishi, ayniqsa, ta’sirchan Parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligi qayd etildi.


«Adolatli mezon bo‘lsa, to‘rt yilda qilgan islohotlarimiz… parlamentimiz qanday edi-yu, qanday bo‘ldi. Deputatlarni obro‘si qanday edi-yu, qanday bo‘ldi. O‘zlaringni fikrlaringni aytyapsizlar, o‘zlaringni yo‘nalishlaringni aytyapsizlar… Sizlar bilan uchrashishimdan maqsad — quyi pog‘onadagi Kengashlarning obro‘sini ko‘tarmasak, quyi pog‘onadagi Kengashlarda har bitta partiyaning ovozi bo‘lmasa, talab qilmasa, raqobat bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev 2,5 million a’zoga ega siyosiy partiyalar va ijro hokimiyati o‘rtasida joylarda yaqin hamkorlik umuman yo‘qligini ta’kidladi. «Bugungi kunda siyosiy partiyalarning eng quyigacha, mahallagacha tushib halqning muammolarini o‘rganib, ularni hal qiladigan chinakam kuchga aylanganmi yo‘qmi», — deya ta’kidladi prezident.

Ishtirokchilar har bir partiya o‘z dasturiy maqsadlarini Parlamentga faol olib chiqishi, o‘z fraksiyalari orqali qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi va qonunlar ijrosini ta’minlashni nazoratiga olishi zarurligi haqida fikr almashishdi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov.

«Biz mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq deyarli barcha masalalarni prezident hujjatlari bilan tartibga solishga majbur bo‘lyapmiz. Misol uchun, o‘tgan yili parlament tomonidan qabul qilingan 70 ta qonun orasida deputatlar tashabbusi bilan partiya vazifalaridan kelib chiqib kiritilgan qonunlarni barmoq bilan sanasa bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Prezident partiyalarning «yoshlar va ayollar qanotlari ham nomiga ishlashini» ta’kidladi. «Partiyalar bundan keyin faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yishi, muhim masalalar bo‘yicha aniq aniq natijalar ko‘rsatishi kerakligini hayotning o‘zi talab qilmoqda», — dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilgi Parlamentga murojaatida deputatlarni tashabus ko‘rsatmasligi uchun tanqid qilgan edi. O‘shanda u 136 ta qonunchilik tashabbusidan bor-yo‘g‘i 27 tasi deputatlarga tegishli bo‘lib, ular ham asosan amaldagi qonunlarga prezidentning farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar ekanligini ta’kidlagan. Prezident bu parlament faoliyati samarasi yetarli emasligini ko‘rsatishini aytgan edi.

«Nima, islohotlarni amalga oshirish uchun faqat Prezident farmon va qarorlar qabul qilishi kerakmi? Afsuski, parlamentimiz faoliyati ko‘p hollarda shunchaki rasmiy yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda.Nima uchun aniqlangan muammolar yoki saylovchilar ko‘tarayotgan masalalar tegishli qonunlar qabul qilish yo‘li bilan yoki ijro hokimiyati oldiga masalani qat’iy qo‘yish bilan hal etilmayapti?», — degandi o‘shanda prezident.

Oldinroq Senat raisi Tanzila Narbayeva deputatlar «so‘rashi emas, talab qilishi kerakligini» aytgan edi.