Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov America Ovozi (VoA)ga bergan intervyusida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda davlat xizmatchilarining bloknotlarga qaydlar yozib borish odati bo‘yicha tushuntirish berdi.

Navbaxor Imamova va Sardor Umurzakov. Foto: AmerikaOvozi / YouTube.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda shakllangan siyosiy madaniyat bilan bog‘liq.

“Har bitta davlatda, har bitta jamiyatda o‘ziga yarasha siyosiy madaniyat bor. Masalan, shu savolni qo‘yayotgan odamlarimiz nima uchun ayrim boshqa davlatlardagi bizga juda bir g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan holatlarni muhokama qilmaydi? Masalan, ayrim Sharqiy Osiyoning demokratik davlatlarida bir-biriga engashishlar [uchrashuvda] va h.k. Juda ko‘p misol keltirishim mumkin. Bu bizda shakllangan siyosiy madaniyat”, — deya ta’kidladi u.

Bosh vazir o‘rinbosari kun davomida hukumat a’zosi sifatida davlat rahbaridan “hisoblash oson bo‘lmagan” topshiriqlarni qabul qilishini ta’kidladi.

“Bu 1−2 ta topshiriq emas. Misol, menga topshiriq berilganda yozayotganimning sababi eslab qolish uchun, keyin esa ularni tizimlashtiraman. Shaxsan o‘zim yig‘ilishlarda qatnashganimda bo‘layotgan mavzudan kelib chiqib, men o‘zimni ishimga taalluqli bo‘lgan joylarini yozib, xulosa qilib, menga so‘z berilsa, qanday qilib, asosiy masalalarni ko‘tarishim kerakligini o‘zim uchun belgilab olaman”, — dedi Umurzakov.


“Siyosiy madaniyat bizda shakllanib bo‘ldi. Nima omillar ta’sirida — bu ikkinchi masala. Lekin bu shakllangan siyosiy madaniyat va biz uni hurmat qilishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Shuningdek, VoA jurnalisti Navbaxor Imamova davlat xizmatchilari prezidentga “yo‘q, bunday emas” yoki “boshqacha yo‘l tutaylik” deya olish-olmasligi, ular orasida baxs-munozara bor-yo‘qligi bilan ham qiziqdi.

“Albatta, yopiq uchrashuvlarda, ya’ni, tor doiralardagi yig‘ilishlarda turli fikrlar aytiladi. Hatto prezident oldida ham men bitta fikr aytishim mumkin, boshqa vazir, bosh vazir o‘rinbosari yoki hamkasbimiz boshqa fikr aytishi mumkin. Albatta [erkin fikr almashinuvi bor], bizda bunday holatlar ham bo‘ladi. Davlat rahbarining talablari ham shundan iborat”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.


Sardor Umurzakov O‘zbekistondagi siyosiy madaniyatni “insonga sig‘inishga” tenglashtirish noto‘g‘ri deb hisoblashini aytdi. “2016 yilda bitta odamni siyosiy irodasi bilan mana shu o‘zgarishlar boshlandi. Buni endi har kim har qanday aytishi mumkin, lekin buni tan olmay ilojisi yo‘q”, — dedi u.