Xonanda Jasur Umirovning ishi bo‘yicha dastlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan IIB tergovchisining harakatlari prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda, deya xabar qildi Samarqand viloyat prokuraturasi.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlab tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borib, yuz bergan holatda biron-bir shaxsning harakatida jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqidagi asos bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB tergovchisining harakatlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, voyaga yetmagan Sh. M.ni majburlab nomusiga tekkanligi holati yuzasidan Jasur Umirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlar bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida mazmunan ko‘rilib, sudning 2 fevraldagi hukmi bilan Jasur Umirov va boshqalar aybdor deb topilib, ularga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan edi.