Senat raisi o‘rinbosari Nizamxodjayev Zayniddin Maxamatovich MSK raisi etib saylanadi. Buni “Gazeta.uz"ning manbasi ham tasdiqladi. Komissiya majlisi juma kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

MSKning qariyb 16 yillik raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ushbu lavozimni tark etmoqda. Oldinroq deputatlar uni a’zolikdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqib, hal qilgan edi.

Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov. Foto: Saylovlarni yoritish bo‘yicha xalqaro matbuot markazi.

Nizamxodjayev 1954-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, shifokor. “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvoni sohibi. Senat raisi o‘rinbosarligidan avval yuqori palata qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritgan.

Avvalroq, deputatlar komissiyaning 8 nafar yangi a’zosini ma’qullagani, ular qatorida Nizamxodjayev ham borligi haqida ma’lum qilgan edik.

“Gazeta.uz"ning manbasiga ko‘ra, a’zolar qatoridan joy olgan adliya vaziri o‘rinbosari Baxrom Kuchkarov MSK raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanadi.

Baxrom Kuchkarov. Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Kuchkarov 1972-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 1994-yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 1998-yilda Vashington huquq kollejini (AQSH), 1999-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2017-yilda prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari, 2017−2020-yillarda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. 2020-yildan hozirda qadar esa adliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Mazkur lavozimda 2021-yilning yanvariga qadar Mahmud Istamov faoliyat yuritgan edi. U ham komissiyaga qadar Adliya vazirligida ishlagan — Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Hozir Istamov Buxoro viloyatiga prokuror bo‘lgan.

Mehnat faoliyatini 1994-yilda Adliya vazirligida konsultantlikdan boshlagan. 2017-yilda prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari — prezident Devoni yuridik xizmati rahbari, 2017−2020-yillarda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. B. Kuchkarov 2002-yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan. Prezidentning qarori bilan 2020-yil may oyidan hozirga qadar adliya vazirining o‘rinbosari sifatida ishlamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Saylov kodeksining 12-moddasiga binoan Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi. Uning o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan saylanadi.