O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida 2,6 mln doza AstraZeneca vaksinasini oladi. Bu haqda «Koronavirus info» kanali YUNISEF xabariga tayanib xabar qildi. Vaksinaning bir dozasi narxi taxminan 3 dollarni tashkil etadi.

COVAX dasturi bo‘yicha koronavirusga qarshi vaksinalar kam va o‘rtacha daromadli 92 mamlakatga iyun oyigacha taqdim etiladi. YUNISEF taqdim etgan jadvalga ko‘ra, O‘zbekiston 2 mln 640 ming doza AstraZeneca/Oxford vaksinasini oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston esa 70 mln doza (110% qamrov) vaksina bo‘yicha kelishuvga ega (faqat Gamaleya bilan) ekanligi haqida xabar qilingan edi. Shu bilan birga, 2021 yilda O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratiladi.