Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida sudlanuvchilar Jasur Umirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko‘ra:

Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;

Sudlanuvchi A. Z. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;

Sh. Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan tomonlarga, shu jumladan sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga, hukm nusxasini olgan vaqtdan boshlab yigirma sutka muddat ichida shu sud orqali Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga va protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura xonandaning voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani haqidagi xabar bo‘yicha bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlarini olib borish belgilangan edi. Keyinchalik, tekshiruv harakatlaridan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.