Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining xabar berishicha, kelgusida Amantoytov va Dovgiztov konlarini sayyohlar tashrif buyuradigan turistik maskanga aylantirish rejalashtirilgan.

Amantoytov va Dovgiztov konlari markaziy Qizilqum cho‘lining ruda maydoni mintaqasidagi konlar bo‘lib, Navoiy shahridan 180 km shimolda, Zarafshon shahridan 40 km sharqda joylashgan. «Ruda zahirasi ko‘lami, rudani qazib olish texnologik sharoitining qulayligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatining yuqoriligi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra dunyodagi noyob konlar sirasiga kiradi», — deyiladi xabarda.

Ushbu konlarda, ishlab chiqarish jarayoniga halal bermasdan, xorijiy va mahalliy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlab tog‘ jinslarini portlatish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini uzoq masofadan, panarama oynali maydonchalarda turib kuzatish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur hududda ular uchun yengil konstruksiyali dam olish maskanlari hamda qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan.