Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni investitsiya sohasiga doir avvalgi topshiriqlar ijrosi va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Taqdim etilgan loyihalar orasida 10 ta yirik tijorat banki tomonidan umumiy qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan 136 ta loyiha takliflari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Asaka bank krediti ishtirokida «Eski shahar» hududida Milliy savdo shaharchasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Milliy bank tomonidan 2021 yilda 225 mln dollarlik 6 ta yangi loyihani amalga oshirilishi kutilmoqda.


O‘zsanoatqurilishbank esa «Urgut» EIZda 110 mln dollarlik loyihani amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.

Ipoteka bank Quyi Chirchiq tumanida 27 gektardan ziyod maydonda zamonaviy logistika faoliyatini tashkil etish loyihasiga sarmoya kiritmoqchi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu korxona bir vaqtda 120 ta yuk mashinasi va 25 ta vagonga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.

Taqdimotda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida tashkil etilgan sanoat zonasi hududida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu sanoat hududi 200 gektar bo‘lib, unda qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va boshqa bir qator muhim sohalarda jami qiymati 4,6 trln so‘mlik 71 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.