Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi turi qisqa muddatda dunyoning ko‘plab mamlakatlariga tarqaldi. O‘zbekiston ham bu «tuhfa»dan o‘z ulushini oldi. 30 yanvar kuni Dubaydan kelgan yurtdoshimiz (10 yosh) koronavirusning ushbu shtammini mamlakatga olib kelgan ilk inson sifatida «mashhur» bo‘ldi. Buning ortidan xalqimiz orasida yana karantin bo‘ladimi, bu «britaniyalik» haqiqatan ham yuquvchan va xavfliroqmi qabilidagi o‘rinli savollar paydo bo‘ldi. Shu kabi savollarga javob berish maqsadida «Gazeta.uz» qisqa savollarga batafsil javoblarni jamlab, e’tiboringizga havola etmoqda.

Yangi shtamm nima? Bu koronavirusning yangilangan turimi?

Yo‘q, COVID-19 bilan bir xil. Bu yerda koronavirusning «standart» SARS-CoV-2 dan ajralib turadigan bir nechta o‘zgarishlarni amalga oshiradigan bir versiyasi haqida gap bormoqda. Uning genomi 2020 yil 7 yanvarda ilk bor qayd etilgan edi. Angliya xalq salomatligi agentligi mazkur virusni VUI-202012/01 (ya’ni «2020 yil dekabr oyining tajribaviy muqobili») deb nomladi va turli shtammlarning o‘zaro bog‘liqligi umume’tirof etilgan tasnifiga ko‘ra, B1.1.7. nasabiga tegishli deb topildi.

Yangi shtamm tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqilli qobig‘iga ta’sir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda.

Alomatlari qanday?

Buyuk Britaniyaning Milliy statistika xizmati koronavirusning «britancha» deb ataluvchi yangi shtammiga yo‘tal, kuchli charchoq, tomoq va mushaklardagi og‘riq kabi belgilar xos ekanligini, ammo hid va ta’m sezmaslik alomati esa avvalgi shtammdagiga qaraganda kamroq uchrayotganini aniqladi.

Idoraning xulosalari Angliyada tasodifiy tanlab olingan va «COVID-19» tashxisi qo‘yilgan 6 ming kishining ma’lumotlarini qayta ishlash natijasida chiqarildi.

Hid va ta’m sezmaslik kabi alomatlar yangi shtamm bilan kasallanganlarda kamroq uchramoqda. Ammo ular hali ham kasallikning uchta asosiy alomatlari (yuqori isitma, yaqinda paydo bo‘lgan doimiy yo‘tal va ta’m sezuvchanligini o‘zgarishi) orasida.

Kasallanganlarning aksariyatida ushbu uchta alomatdan kamida bittasi namoyon bo‘lmoqda.

Statistika idorasi xodimlari yangi «COVID-19» shtammiga ijobiy test olishdan oldin bir hafta davomida bemorlar boshdan kechirgan alomatlarni tahlil qildilar. Ular «asl» (avvalgi) shtammni yuqtirganlarning alomatlari bilan taqqoslandi.

Bunda 2020 yil noyabr oyining o‘rtalaridan 2021 yil yanvar oyining o‘rtalariga qadar kasal bo‘lgan odamlarning natijalari hisobga olindi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, yangi shtamm birinchi holatda bo‘lgani kabi uchta emas, ikkita gen bilan mos keladi.

3,5 ming kishidan iborat yangi shtammni yuqtirganlar guruhidan:

  • 35 foizi yo‘tal;
  • 32 foizi charchoq;
  • 25 foizi mushak va tana og‘rig‘i;
  • 21,8 foizi esa tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilgan.

Oldingi shtamm bilan kasallangan 2,5 ming kishilik guruhdan:

  • 28 foizi yo‘tal;
  • 29 foizi charchoq;
  • 21 foizi mushak va tana;
  • 19 foizi esa tomoq og‘riganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi shtammni yuqtirganlarning 16 foizi ta’m sezuvchanligini, 15 foizi hid sezish qobiliyatini yo‘qotgan. Bu eski shtamm bilan kasallangan odamlardagiga qaraganda kamroq (ikkala holatda ham 18 foiz).

Bosh og‘rig‘i, nafas olish qiyinlishuvi yoki diareya va qayt qilish holatlari bo‘yicha ma’lumotlar ikki shtammda ham bir xil bo‘lgan.

Olimlarning fikriga ko‘ra, virus tarkibidagi ba’zi bir o‘zgarishlar organizmning immun reaksiyasiga ta’sir qilishi va infeksiyani keltirib chiqaradigan alomatlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Yangi shtammni yuqtirganlarning organizmida virus intensiv ravishda ko‘payib ketish ehtimoli yuqoriroq. Bu esa infeksiyaning butun tanaga kengroq tarqalishiga hamda kuchli yo‘tal, mushaklarda og‘riq va charchoq paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

U chindan ham yuqumlimi?

Koronavirusning yangi B.1.1.7 shakli tez sur’atlarda tarqalishi bilan dunyo olimlari e’tiborini tortdi va yangi shtamm tariqasida ifoda etildi. Xususan, yangi shtamm Buyuk Britaniyada boshqa mamlakatlarga qaraganda 70 foizga tezroq tarqalishi qayd etilgan.

Ayni paytdagi virus avvalgisidan 20 ta jihati bilan ajralib turadi. «Britancha» shtamm ikki oy mobaynida 17 ta jihati o‘zgarib, tez mutatsiyaga uchramoqda. Shuningdek, u o‘ta yuquvchan va yoshlarni ham zararlay olishi mumkun bo‘lganligi bilan ham xavflidir.

Virus mutatsiyasini uzoq vaqt onkologik kasallikka chalingan va immunitetni bosuvchi dori vositalarni qabul kilgan inson organizmida uzoq muddat mutatsiyaga uchrashi natijasida yuzaga kelgani qayd etilmoqda.

Shu bois ham, yangi shtammni polimeraza zanjir reaksiyasi yordamida aniqlash mushkul ekanligi aytilmoqda. Sababi mutatsiyaga uchragan virus PZR tekshiruvidagi immun javobni aylanib o‘tishga qodirligi, uni to‘g‘ri diagnostika qilish bir oz mushkul ekani bilan ham ajralib turadi.

«COVID-19» virusining B.1.1.7 shakli — «britancha» shtammi o‘z tarkibidagi ikkita aminokislotani yo‘qotib, organizmning immun javobi, ya’ni, antitanachalarini aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi.

«Britancha» shtammni aniqlash qiyinmi?

«Britancha» shtammni genetik usulda aniqlash uchun besh kun vaqt sarflangan. Bu jarayon ancha murakkab hisoblanib, har bir bosqichni alohida nazorat qilish talab etilgan.

Uning ko‘proq bolalarda aniqlanayotgani rostmi?

Ha, rost. Bu kasallik bolalarda ko‘p uchrayapti. Bolalarda kasallanish holatlarida kuzatilgan 5 ta asosiy klinik belgi qayd etilgan. Bular: bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, holsizlanish, ishtaha yo‘qolishi, qorin sohasida og‘riqlar paydo bo‘lishi bilan belgilanadi. Bu belgilar 19 yoshgacha bo‘lganlar va yosh bolalarda kuzatilyapti.

Sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kasal bolalarning aksariyati charchoqdan aziyat chekadi. Infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlarda tez-tez yig‘lash holatlari uchraydi. Kasallangan bolalarning yarmidan ko‘pi (53 foizi) bosh og‘rig‘idan shikoyat qilgan. Shu bilan birga, ularda qorin og‘rig‘i ham kuzatilmoqda. Shuning uchun shifokorlar ota-onalarga qorin bo‘shlig‘idagi noqulaylik bilan bir vaqtda paydo bo‘ladigan bosh og‘rig‘i bor-yo‘qligini farzandlaridan so‘rab turishlarini maslahat berishmoqda.

Koronavirusning yangi shtammi bilan og‘rigan bolalarning deyarli yarmida harorat 37 darajadan yuqori bo‘lgan. Bolalarning 38 foizi tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilgan.

Kasallanganlarning taxminan 35 foizi ishtaha yo‘qolganini aytishgan. Ko‘pincha bir yoshga to‘lmagan chaqaloqlarda bu holat kuzatiladi. Shu sabab shifokorlar bolalarni oz-oz, ammo tez-tez ovqatlantirishni maslahat berishadi.

Yangi shtamm tarqalishining oldini olish uchun nima qilish kerak?

«Britancha» shtammning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun epidemiologik jarayonning uchta bosqichiga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Ular:

  • Kasallik manbaini jilovlash;
  • Yuqish yo‘llarining oldini olish;
  • Yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi himoyasini ta’minlash.

Britaniya va dunyo olimlarining berayotgan tavsiyalariga qaraganda, yangi shtamm tarqalishining oldini olishning yagona va tug‘ri yuli — bu zararlangan bemorni yakkalash (izolyatsiya) va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni ham alohida nazoratga olishdir. Faqatgina shu yul bilan tez tarqaluvchi «britancha» shtammni tarqalish ko‘rsatkichini kamaytirish mumkin.

Shuningdek, oddiy sanalgan karantin qoidalariga rioya kilish va tibbiy niqoblarni doimiy taqib yurish talab etiladi. Yana bir bor ta’kidlash joizki, COVID-19ning B.1.1.7 shakli — «britancha» shtammini yengishning yagona yo‘li karantin qoidalariga amal qilishdir.

Quyidagi tavsiyalarga rioya etish ham maqsadga muvofiqdir:

  • ortiqcha zaruriyat bo‘lmasa, xorijiy davlatlarga chiqishdan tiyilish;
  • doim niqobda yurish;
  • jamoat joylariga borishdan tiyilish;
  • ijtimoiy masofalarni saqlash;
  • antiseptik vositalardan foydalanish.

«Eski» koronavirus bilan og‘riganlar uchun yangi shtamm xavfli emasmi?

Ushbu savolga javob berish uchun hali aniq va ishonchli dalillar mavjud emas. Faqat umumiy natijalarga tayanib fikr bildirish mumkin, xolos.

Shu bilan birga, NERVTAG qo‘mitasi o‘z xulosasida koronavirusning yangi versiyasi immunitetni eski holicha qoldirishi ehtimolini nazariy jihatdan ta’kidlayotgan bo‘lsada, uni butunlay yo‘qqa chiqara olmasligini aytadi. B.1.1.7-dagi mutatsiyalar retseptor bilan bog‘lanish uchun mas’ul bo‘lgan oqsil qavatlarida sodir bo‘ladi, ya’ni yangi versiya antigenik xususiyatlari jihatidan boshqalaridan farq qilishi mumkin. Bilvosita, u agar B.1.1.7 holatlari orasida bo‘lsa, uni avvalgisidan haqiqatda qanchalik farq qilishi, qayta yuqtirish chastotasi asosida baholash mumkin. Allaqachon kovidga chalingan va undan sog‘aygan odamlar bor edi-ku deyishingiz mumkin, biroq ularda yuzaga kelgan immunitet yangi virusga ta’sir qilmaydi. Hisobotda hozirgacha 915 ta holat orasida to‘rtta qayta zararlanish holatlari qayd etilgan, biroq bu ma’lumot ham aniq qiyoslash uchun kamlik qiladi.

Shunga qaramay, virusning immunitet ta’siridan qochib qutulish holatlari allaqachon ma’lum. Misol uchun, Kembrij universiteti virusolog olimi Ravindra Guptaning aytishicha, mutatsiyaga uchragan virusni yuqtirib olgan, remedesivir va plazma bilan davolangan bemorlarga bir necha oylik muolajalar ham foyda bermagani hamda uning immunitetdagi 69−70del o‘chirishga erishgani (va boshqa ba’zi bir mutatsiyalar, ammo N501Y emas) hamda plazma-virus o‘rtasidagi bog‘lanish samaradorligining pasayishi kuzatilgan.

Hozir qo‘llanilayotgan vaksinalar yangi turga qarshi yordam beradimi?

Hozirgi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ha, yordam beradi. COVID-19ga qarshi vaksina yangi shtammda ham foyda berishi aniqlangan.

Uits universitetining vaksina bo‘yicha eksperti, professor Helen Risning qayd etishicha, «Xayriyatki, vaksinani virusning yangi turlariga moslashtirish kerak bo‘lsa, yangi texnologiyalar buni nisbatan tezroq amalga oshirish imkonini beradi».

O‘zbekistonda yana karantin joriy etilishi mumkinmi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh epidemiologi Nurmat Otabekov 1 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda hozircha O‘zbekistonda karantin choralarini joriy etishga asoslar mavjud emasligini ma’lum qildi.

«Butun dunyodagi ko‘plab iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarni koronavirus kasalligi karaxt holatga keltirib qo‘ygan bir paytda, respublikamizdagi epidemik barqarorlik bizdagi tizim nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib turibdi. «Britancha» shtamm aniqlangan bemor aeroportning o‘zida alohidalangan, shifoxonaga yotqizilgan va bemorda hech qanday asoratlar kuzatilmagan.

Yutug‘imiz shuki, biz aeroport, qo‘yingki shifoxona sharoitida kasallik manbaini jilovladik, uning odamlar orasiga kirib ketishiga yo‘l qo‘ymadik", — deya qayd etdi Nurmat Otabekov.

Janubiy Afrika shtammi haqida nimalar ma’lum?

18 dekabr kuni Janubiy Afrika Respublikasida koronavirusning yangi turi aniqlandi. O‘shanda JAR sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatdagi koronavirusning ikkinchi to‘lqini ehtimol kasallikning ushbu mutatsiyasi bilan bog‘liqligini aytgan edi.

Koronavirusning bu turi jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Chunki mazkur virusga koronavirusga qarshi hozirda amalda bo‘lgan vaksinalar deyarli ta’sir qilmasligi aniqlangan.

Oksford va «AstraZeneca» vaksinasini Janubiy Afrikadagi sinovini o‘tkazishga rahbarlik qilgan professor Shabir Madhining Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, «Bu nazariy xavotir. Asosli xavotir… Janubiy Afrikada tarqalayotgan Kovid turi ancha chidamli». Madhining aytishicha, Janubiy Afrikadagi mutatsiya mavjud vaksinalarni foydasiz qilib qo‘yishi «ehtimoli yo‘q», ammo ta’sirini kamaytirishi mumkin.