O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya berilmagan va Tashqi ishlar vazirligi xodimi unga shilqimlik qilganini ta’kidlagan Polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska 2 fevral kuni vazirlik vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Twitter akkauntida ma’lum qildi.

«Rustam kim? Men hozirgina TIV bilan maroqli uchrashuvda bo‘ldim, ular menga akkreditatsiya masalasi ochiqligicha qolayotganligini aytishdi. Men bundan minnatdorman. Shu bilan bir vaqtda, menga Rustamning hatti-harakatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishning iloji yo‘q ekanligini aytishdi… Rustam kimligini hech kim bilmaydi», — deb yozadi xalqaro jurnalist.

Agneshka Pikulitska Rustam bilan TIV binosida bir necha marotaba ko‘rishganini, o‘tgan yili u akkreditatsiya qilingan uchrashuvda ham Rustam bo‘lganligini aytadi. «U menga o‘tgan mart oyida Mehnat vaziri bilan intervyu tashkillashtirgandi va vazirlikdagi hamma uni yaxshi taniydigandek ko‘ringandi», — deydi u.

Polshalik jurnalist kecha do‘stining maslahati bilan «Rustam» ismli shaxsning Telegram profilini tekshirganini aytadi. «Rasmi o‘sha-o‘sha. Keyin biz raqam kim uchun ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshirdik va «Ilhomaka FBI»ga tegishli ekanini ko‘rdik. Shuning uchun men TIVga ular qidirayotgan shaxsning ismi Ilxom bo‘lishi mumkinligini aytdim».

«Umid qilamanki, sirli Rustamni qidirish bo‘yicha ishlar tez orada ijobiy natija beradi. Ishonchim komil Ilhom FBI (yoki Rustam SGB) TIVda yoki ehtimol davlatning boshqa strukturasida topiladi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, xabarlarni berib boraman», deb yakunlaydi so‘zini jurnalist.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ushbu holatga munosabat bildirib: «Jurnalist Agneshka Pikulitska bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat. O‘zbekiston inson sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishning har qanday shakliga aslo toqat qilmaslik siyosatiga amal qiladi», — dedi.

«Agneshka ushbu holatni aytib mardligi va befarq emasligini namoyish etdi. Albatta, ushbu hodisa puxta o‘rganilib, tahlil qilinadi, tegishli choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi», — deydi Narbayeva.

Senat raisi ushbu holat «respublikada amalga oshirilayotgan barcha ulkan islohotlarga soya solmasligi lozim"ligini ta’kidladi. «O‘zbekiston demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyat barpo etish yo‘lini tanladi va shu yo‘ldan qat’iyat bilan qadam tashlashda davom etadi».

Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha hozircha munosabat bermadi.

Oldinroq Guardian, Al Jazeera, The Diplomat xalqaro nashrlari uchun yozadigan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya bermaganligini ma’lum qilgan edi. Akkreditatsiya bo‘yicha javob qonun bo‘yicha 2 oyda emas, 6 oyda berilgan. Jurnalist TIV xodimi unga tegajog‘lik qilganini, ijobiy maqolalar yozishini so‘raganligini ham ta’kidlagan.