«Texnopark» kompaniyasi elektron suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Loyiha 25 yanvar kuni prezidentga taqdim etilgan sanoat va logistika sohasidagi investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan. «Gazeta.uz» bunga «Maxsus rakurs» videolavhasida e’tibor qaratdi.

Suv hisoblagichlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha qiymati 77,7 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning 27,19 mlrd so‘m miqdorini «Texnopark» kompaniyasining o‘zi investitsiya kiritmoqchi, qolgan 50,51 mlrd so‘mini xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari shaklida jalb qilish rejalashtirilgan.

Loyiha aprel oyida boshlanishi va 10 oy davom etishi mumkin.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan «Texnopark» hozirni o‘zida ham qator sanoat loyihalarini amalga oshirmoqda. 2020 yil boshidan beri kompaniya Osten savdo belgisi ostida aqlli gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarmoqda. «Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, loyiha doirasida 2021 yil iyulgacha 5,48 trln so‘mga (Markaziy bankning 1 dekabr holatiga ko‘ra 507 mln dollar) 3,54 mln elektron gaz hisoblagichlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.


«Intellektual Mulk» axborot-qidiruv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Artel Engineering and Management va J-United Group (yagona ta’sischisi — Jahongir Ortiqxo‘jayev) Osten savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan.

«Texnopark» shuningdek kir yuvish mashinalari, furnitura va aksessuarlar, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, elektr suv nasoslari, suv isitgichlari, sovutish tizimlari, liftlar, eskalatorlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekistondagi barcha ko‘p qavatli uylarda lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash bo‘yicha loyihaning bosh pudratchisi sifatida tanlanishi taklif qilingan «Texnopark» kompaniyasiga eksklyuziv huquqlarning berilishiga qarshi chiqqanligi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, avvalroq J-United Group Namangan viloyatidagi logistika markazini kengaytirishga 21,8 mlrd so‘m (taxminan 2 mln dollar) sarmoya kiritishni rejalashtirgani haqida xabar berilgan edi. Adliya vazirligining ta’kidlashicha, qonunchilikka ko‘ra bir vaqtning o‘zida davlat organlarida lavozimga ega bo‘lib, bir qator tijorat tashkilotlarining aksiyalariga egalik qilish taqiqlanmaydi.