O‘quv yili davomida fanlardan o‘z vaqtida baho olmagan talabalar uchun pulli qo‘shimcha semestr tashkil etiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xolikov ma’lum qildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘quv haftalari 38−40 haftadan 36 haftaga tushirilganini ta’kidladi. Bu bilan akademik dars jarayonlari 10 oydan 7,5−8 oyga qisqargan.

Abduvali Xolikov o‘quv jarayoniga uchinchi, yozgi semestr ham qo‘shilganligiga to‘xtaldi.

«Bu — ta’til davriga to‘g‘ri keladi va talabalarning arizasiga ko‘ra, fanlardan baho olmaganlar uchun tashkil etiladi. Uchinchi semestr uchun ariza bergan talabalar belgilangan tartibda qo‘shimcha mablag‘ni amalga oshiradi», — deydi boshqarma boshlig‘i.

«Hozircha bu tizim bo‘yicha savollar bo‘lyapti, ammo uch yildan so‘ng barcha bu tizimga to‘liq moslashadi», — dedi u.

Bu tizim 2020−2021 o‘quv yilida 46 ta OTMda yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tartib bosqichma-bosqich boshqa OTMlarda ham joriy qilinadi.