Samarqand viloyatidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda «F.» MCHJ tomonidan smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlari to‘liq bajarilmasdan, ma’lumotlar qo‘shib yozilgan, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Korxona rahbarlari 631,7 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu bilan birga, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi uchta mahallada qurilgan suv chiqarish inshootida «N.» MCHJ qurilish-montaj ishlarini amalda to‘liq bajarmasdan, 240,5 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilib, ma’lumotlarni qo‘shib yozgani aytilmoqda.

Ushbu holatlar yuzasidan korxonalarning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.