Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan bir haftadagi faoliyati haqida ma’lumot beruvchi «Maxsus rakurs» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida e’lon qildi. Dasturda 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sanoat va logistika sohasida umumiy qiymati 8,6 trillion so‘mga teng investitsion loyihalarning taqdimotiga oid kadrlar namoyish etilgan.

Unda prezident oqartirilgan tunuka (280 mln yevro), yuqori sifatli sement (2,1 trln so‘m), muzlatgich, sovutgich va konditsionerlar uchun germetik kompressorlar ishlab chiqarish (735 mlrd so‘m) va boshqa loyihalar bilan tanishgan.

Shavkat Mirziyoyev va Shuxrat Vafoyev.

Germetik kompressorlarni ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishish vaqtida Prezident investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuxrat Vafoyevga loyihaning amalga oshirilish muddati yuzasidan e’tiroz bildirdi.

«Loyihaning boshlanish muddati noto‘g‘ri. Juda cho‘zib yuborgansan. Loyihani amalga oshirishni boshlash — 2021 yil 1 iyun. Bu bo‘lmaydi, eski usul bu. Bir hafta ichida hammani oyoqqa turg‘azishing kerak. Bu deganing dekabrga boradi. Mart oxiriga qadar boshlanglar. Yana ikki oy bor, odamlaring bor. Bu tayyor loyiha, buning hech qiyin joyi yo‘q. Cho‘zish nega kerak?», — deya savol bergan prezident.

Mas’ul shaxslar jarayonni tezlashtirishga va’da berishdi.


Davlat rahbari Toshkent uchun taklif etilayotgan sanoat va logistika loyihalarini ma’qulladi. Biroq Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga alohida murojaat qilib, shahar ichidagi qurilish ishlarini tanqid qildi.

«Men Toshkentda 4−5 yil ishlaganman og‘ayni. Bu yerga 120 millimetrli kichkinagina kanalizatsiya qo‘yganmiz (Prezident truba diametrini qo‘li bilan ko‘rsatgan — tahr.)… Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan. Biz kanalizatsiya nasosini qurishimiz kerakmi yoki yo‘q? Trubalarni kuchaytirishimiz kerakmi? Maktablarchi? Bog‘chalarchi?», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha prezident loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan o‘tkazish, bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etish, investitsiya loyihalarining tayyorlanishi va baholab borish, quyi bo‘g‘indagi mutaxassislarga ko‘maklashish kabi topshiriqlar berdi.