Farg‘ona viloyatidagi Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi xodimlari «Daryo» nashriga zavodga xom ashyo yetkazib berilmayotgani va natijada ish to‘xtab qolib, ishchilar oyligi kamayib ketganidan shikoyat qilgan.

«Daryo»ning xabar berishicha, ish haqi va ish o‘rinlari qisqartirilishidan norozi bo‘lgan o‘nlab ishchilar korxona binosi oldida to‘planib, mas’ullarga video orqali murojaat qilgan. Videotasvirlardan «Bizga yordam bering!», «Bizga neft bering!», «Biz ishlashni xohlaymiz!», «89-moddaga qarshimiz» kabi yozuvlarni ko‘targan korxona ishchilarini ko‘rish mumkin.


Foto: «Daryo»

Korxona xodimlarining aytishicha, ularga Mehnat kodeksining 89-moddasiga asosan ogohlantirish xatlari berilgan. Yig‘ilishlar o‘tkazilib, mart oyidan boshlab korxona yangi ish tartibiga o‘tishi, ish vaqti qisqartirilishi va shu bilan birga ishchilarning maoshlari kamaytirilishi ham aytilgan.

Korxona ishchilari qariyb 10 oydan beri zavodga xom ashyo — gaz kondensati yetkazib berilmayotganini ta’kidlagan. Korxonada ishlab chiqarish to‘xtab qolgan. Ko‘plab ishchilar obodonlashtirish va qurilish ishlariga jalb etilgan. Ishchilar zavod butunlay yopilishi va 800 nafardan ortiq xodim ishsiz qolishidan xavotirda ekanligini aytmoqda.

«Bizga gaz kondensati berishsa, korxonamiz yana ish boshlaydi. Hozir shuncha odam ishsiz qolishi mumkin. Korxona rahbarlarining aytishicha, mart oyidan har bir ishchiga bir million so‘mdan oylik to‘lanarkan. Lekin bu gaplar hech qanday buyruqsiz, hujjatsiz aytilyapti. Og‘zaki tarzda shuncha pul beramiz, deb va’da qilishyapti. Bir millionga rozimisan, degandek», — deydi birinchi toifali gazdan qutqarish jangchisi Shokir Mugalimov.

28 yildan beri korxonada ishlaydigan Shohsanam Abduvaliyeva bu zavodga kelganidan beri xom ashyo ta’minotida uzilish bo‘lmaganligini aytadi.

«Hozir bizga Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan Mehnat kodeksining 89-moddasi bilan ogohlantirish berilyapti. Ogohlantirish xatini oldim, lekin unga imzo qo‘yganim yo‘q. Agar biz bu xatga qo‘l qo‘ymasak, o‘z-o‘zidan mehnat shartnomamiz bekor qilinib, ishdan bo‘shatilar ekanmiz… Qarang, shu korxona 114 yillik zavodga o‘xshaydimi? Hamma jihozlari, texnologiyalari saqlanib qolgan. Talabga javob bermagan joylarini modernizatsiya qilsa, yangi mahsulotlar ishlab chiqarsa bo‘ladi-ku. Rahbariyatdan talabim, xom ashyo berishsin, biz ishlaylik», — deydi u.

Foto: «Daryo»

«Tumanimizda shu zavod borligi uchun hammamiz neft-gaz sohasida o‘qiganmiz. Zavod yopilsa, yuzlab oilalar boquvchisiz qoladi», — deydi Iqboljon Olimjonov.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi munosabati

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) direktori Habib Latipov «Daryo» nashriga Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi yopilmasligini, ish o‘rinlari qisqartirilishini, lekin xodimlar ishdan bo‘shatilmasligini ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, xom ashyo tanqisligi sababli ayni paytda korxonada ishlab chiqarish quvvatlari pasayib, ish hajmi kamaygan. Lekin ushbu davr mobaynida korxonadagi mavjud shtat birliklari saqlab qolinganligi aytilmoqda. Ish hajmi yo‘qligiga qaramay, ish haqlari to‘liq to‘lab berilgan, shuningdek, ishchilar shartnomasida ko‘rsatilgan barcha imtiyoz va kafolatlar bilan ta’minlangan. 2020 yil davomida ishchi-xodimlarga 39 milliard 428 million so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar o‘tkazilgan. Ularning o‘rtacha ish haqi 2019 yilda 3,16 million so‘mni, 2020 yilda esa 3,96 million so‘mni tashkil etgan.

Korxonadagi mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun 2021 yilning mart oyidan ayrim xodimlar guruhi uchun Mehnat kodeksining 89-moddasiga muvofiq mehnat shartlarini o‘zgartirish, ish vaqtini va oylik haqini qisqartirish rejalashtirilgan. Mazkur chora vaqtinchalik bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlari va ish hajmi oshishi bilan avvalgi mehnat shartlari qaytarilishi ta’kidlangan.

Ushbu masala 2020 yilning 18 va 21 dekabr, 2021 yilning 6 va 15 yanvar kunlari Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish jamoasi bilan, shuningdek, FNQIZ hududida korxona ishchi guruhi bilan muhokama qilinib, mehnat shartlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq choralar ishchi-xodimlar tomonidan ma’qullangan.

Zavod rahbarining kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Asomovning «Daryo»ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, korxona 1905 yildan buyon faoliyat yuritadi. Zavodning oltita asosiy texnologik qurilmalari hamda yordamchi sexlari 1940−1950 yillarda ishga tushirilgan va o‘sha davrda mavjud bo‘lgan texnologiyalarga muvofiq 80 yillarda rekonstruksiya qilingan. Hozirgi kunda beshta texnologik qurilmalar yaroqsiz holda.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2020 yil 7 martda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Jizzakh Petroleum mas’uliyati cheklangan jamiyati va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘rtasida ishonchli boshqaruv shartnomasi tuzilgan. Shartnomada «O‘zbekneftgaz» AJ zavodning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ishonchli boshqaruv davrida yiliga 250 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda va tarmoq ichki narxlarida gaz kondensati yetkazib berishi kerakligi belgilangan.

2020 yilning 22 yanvar kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida zavod faoliyati uchun 2020 yilda 255 ming tonna gaz kondensati yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

2020 yil 4 iyulda hukumat tomonidan tasdiqlangan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida gaz kondensatini jahon bozorlari narxlaridan kelib chiqib olish kerakligi qayd etilgan. 2020 yilning mart oyidan buyon gaz kondensatini tarmoq ichki narxlarida olish imkoni bo‘lmagan. Oqibatda ishonchli boshqaruv shartnomasida ko‘zda tutilgan talablar bajarilmagan.

2020 yilning yanvar-may oylarida 67,6 ming tonna xom ashyo qayta ishlash uchun yetkazib berilgan. Xom ashyo yetkazib berishga doir tuzilgan shartnoma shartlarining bajarilmay qolishi hamda karantin cheklovlarining joriy etilishi zavod qayta ishlash quvvatlarining pasayishiga, ish hajmining kamayishiga olib kelgan.