Myanma qurolli kuchlari hukumat rahbarlari hibsga olinganidan keyin bir yil davomida mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda Sinxua agentligi ma’lumotlariga tayanib, TASS xabar bermoqda.

Harbiylar favqulodda holat bo‘yicha hujjatni mamlakatning prezidenti v. b. etib e’lon qilingan vitse-prezident Min Sve tomonidan imzolanganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, ular mamlakatda hokimiyat Myanma qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni Min Aun Xlainga o‘tkazilishini aytishgan. Reuters xabariga ko‘ra, harbiylar bu qaror soxtalashtirilgan parlament saylovlari tufayli qabul qilinganini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Myanma prezidenti Vin Min va Demokratiya uchun milliy liga partiyasi rahbari Aun San Su Chji dushanba kuni ertalab hibsga olinganligi xabar qilingan. Partiyaning boshqa yuqori lavozimdagilari ham qo‘lga olingani ma’lum qilindi.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Demokratiya uchun milliy liga partiyasi 476 o‘rindan 396 tasini qo‘lga kiritib, g‘olib bo‘lgan edi. Bu partiyaga yana besh yilga hukumat tuzishga imkon berdi. Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Ittifoq birdamligi va taraqqiyot partiyasi faqat 33 o‘rinni egalladi. Harbiylar firibgarlikdan shikoyat qilib, natijalar bo‘yicha Oliy sudga murojaat qilganlar. Saylov komissiyasi firibgarlikni isbotlovchi dalil topmagan.

Myanma prezidenti va davlat maslahatchisining hibsga olinishini BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va bir necha mamlakat rahbarlari qoraladi.

1988 yilda tinch namoyishlarga rahbarlik qilgani uchun Aun San Su Chji uy qamog‘iga olingan va u yerda jami 15 yil — 2010 yilgacha bo‘lgan. 1991 yilda u Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

2018 yil noyabr oyida Aun San Su Chi rohinja musulmon xalqining ta’qib qilinishi sababli «Vijdon elchisi» mukofotidan mahrum qilindi. O‘sha paytda BMTning maxsus missiyasi Myanma armiyasi rohinjalarni qatl qilishda ishtirok etganini va hukumat bu xalqqa nisbatan nafratni targ‘ib qilishga ruxsat berganini da’vo qildi.