Davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, yanvar oyida inflyatsiya 1% ni tashkil etdi. Yillik hisobotda (2020 yil yanvariga nisbatan) oziq-ovqat sohasidagi narxlarning o‘sishi 11,6% ga yetdi.

Yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar 1,4 foizga qimmatladi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar orasida mevalar va yong‘oqlar (3,2%), sabzavot, ildiz mevalari va dukkakli o‘simliklar (2,3%) narxlari bir oy davomida boshqa mahsulotlarga nisbatan ko‘proq o‘sdi. Hisobotda aytilishicha, bu mavsumiy ta’sirga bog‘liq.

Meva va sabzavot mahsulotlari orasida bulg‘or qalampiri va uzum (8,6%), shuningdek, anor (8,2%) narxi yanvar oyida nisbatan ancha ko‘tarildi. Mandarinlar 2,1 foizga, apelsinlar 1,7 foizga arzonlashdi.

2020 yil yanvar oyiga nisbatan asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan grechka (1,5 baravar), tuxum, o‘simlik yog‘i, qo‘y go‘shti (1,3 baravar), shakar, mol go‘shti (1,2 marta), sut (18,4% ga), un (14,9% ga), har xil turdagi guruch navlarining (14,1% ga) narxlari ancha oshdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2021 yil yanvar oyida inflyatsiyaning asosiy omillaridan biri meva-sabzavot narxlarining mavsumiy o‘sishi bo‘lgan.

Tovarlar va xizmatlar orasida zararkunandalarni zararsizlantirish va yo‘q qilish (4,5%), maishiy texnikani ta’mirlash va o‘rnatish (1,3%), uy xo‘jaliklarida ishlatiladigan to‘qimachilik mahsulotlarini tikish (0,7%) bo‘yicha xizmatlar narxlari bir oy ichida nisbatan sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, tovarlar orasida uy yuvish vositalari va tozalash vositalari (0,9%) orasida ham shu hol kuzatildi.

Yillik hisobotda gilam va gilamchalarni yuvish va tozalash (18,5%) narxlarida sezilarli o‘sish bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi tovar va xizmatlarning asosiy turlari orasida bir oy ichida eng sezilarli o‘sish diagnostik vizualizatsiya xizmatlari (1,6%), tibbiy laboratoriyalar (1,4%), ambulatoriya xizmatlari va reabilitatsiya xizmatlari (1%) narxlarida kuzatildi.

Uy-ro‘zg‘or buyumlari va xizmatlari orasida sartaroshlik xizmatlari narxi boshqa xizmatlar narxlariga qaraganda sezilarli darajada o‘sdi (1,6%). Shaxsiy qo‘llash uchun mo‘ljallangan buyumlar narxi bir oyda 0,6 foizga, zargarlik buyumlari, bilak va boshqa turdagi soatlar — 0,2 foizga, soatlarni ta’mirlash xizmatlari — 1,5 foizga qimmatlashdi. 2020 yil yanvariga nisbatan esa sartaroshlik xizmatlari narxi 20,1 foizga, hujjatlardan nusxa ko‘chirish bo‘yicha xizmatlar — 20,9 foizga, soatlarni ta’mirlash — 16,9 foizga, shShaxsiy qo‘llash uchun mo‘ljallangan buyumlar narxi 9,9 foizga oshdi.