Prezidentning 30 yanvardagi farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov lavozimidan ozod etildi.

U 2019 yil iyun oyidan beri viloyat hokimi edi. Undan oldin Rustam Xolmatov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Prezident farmoni bilan, shu vaqtga qadar Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Davron Hidoyatov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Foto: Davron Xidoyatov. «Gazeta.uz»

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

Oldinroq Shavkat Mirziyoyev yaqin orada bir hokim va bir vazir lavozimini tark etishini aytgani haqida xabar bergan edik. 29 yanvar kuni sport vaziri Dilmurod Nabiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgandi.

«Bir hafta ichida men kadr masalasi bo‘yicha bir qarorni e’lon qilaman. Sadoqatli odam, lekin ishni bajara olmayapti. Aravani tortmayapti», — degan edi prezident ishdan ketadigan hokim haqida gapirib.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtda o‘tirgan va viloyatlarda yetarlicha ishlamayotgan vazirlarni tanqid qilib, ularning biri hokim bilan birga lavozimini tark etishini qo‘shimcha qildi.

«Ikkitasi (hokim va vazir — таҳр.) ketadi, noinsoflar… Bosh vazirga aytganman, o‘nta vazirni ishdan olishimiz kerak, deb. Ikkitasi ishdan olindi, lekin bu hali yetarli emas», — degandi u.