Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda 2020 yilda noqonuniy daraxt kesish holatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

«2020 yil davomida o‘tkazilgan davlat ekologik nazorati natijalariga ko‘ra daraxt va butalarni noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq jami 3 960 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Noqonuniy daraxtkesarlarning 136 nafari mansabdor shaxs», — dedi u.

Huquqbuzarlarga jami 4 mlrd 578 mln so‘m jarima solingan, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori esa — 15 mlrd 305 mln so‘mni tashkil etmoqda.

«18 ta holat bo‘yicha qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Huquqbuzarlardan 127 ta qurol-aslahalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan», — dedi qo‘mita vakili.

Ta’kidlanishicha, 2 724 m³ buta, 7 812 dona daraxt shundan, 3 428 dona qimmatli va 4 384 dona kamyob va qimmatbaho daraxt noqonuniy ravishda kesilgan.